O‘zbekiston | 16:40 / 09.10.2017
58925
2 daqiqa o‘qiladi

Oltinko‘l tumanida ko‘zaga solingan xazina topildi

Andijon viloyati, Oltinko‘l tumanining Suvyulduz qishlog‘i Islomobod mahallasida yashovchi To‘xtasin aka Hasanov hovlisidan suv ko‘zasiga joylab «yaxshi kunlar uchun» yer ostiga ko‘milgan 4500 donadan ziyod mis tangalar xazinasi topildi. Xazina topilishi bilan tuman ma'muriyati O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Arxeologiya institutiga mutaxassis yuborilishini so‘rab murojaat qilgan.

Unga ko‘ra, hozirda topilmalarni o‘rganishga kirishilgan.

Dastlabki xulosalarga ko‘ra, tangalarga arab yozuvlari zarb qilingan bo‘lib, ularning aksariyati XVII asrga, ya'ni Buxoro xonligining Ashtarxoniylar sulolasi davriga va qisman XVI asrning ikkinchi yarmida hukmron Shayboniylar sulolasining so‘nggi vakili Abdullaxon II davriga mansub.

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, xazina tarkibida Buxoro, Samarqand va Toshkent zarbxonalarida chiqarilgan mis tangalar – fuluslar (hozirgi «pul» iborasi ham aynan mis tanga nomidan kelib chiqqan) borligi aniqlanmoqda. Tarixda ichki bozor pul muomalasi asosini tashkil etuvchi mis tangalar yirik shaharlarda zarb qilingan. Bu davrda, jumladan, Andijon zarbxonasi ham mavjud bo‘lgan va xazinadagi boshqa tangalarning o‘rganilishi bunga oydinlik kiritishi kutilmoqda.

Turli shaharlarda chiqarilgan tangalarning bitta xazinada jam bo‘lgani bu davrda mintaqalararo savdo-sotiqning jadallik bilan olib borilgani, o‘sha zamon tadbirkor-savdogarlari vositasida pul massasi tez aylanganidan darak beradi. Zamonaviy iqtisodiyotda tovar-pul aylanmasining tezligiga aholi daromadi ko‘payishining eng asosiy mezonlardan deb tarif beriladi.

O‘rganishlar davom etmoqda.

Ahrorbek YoQUBJONOV

Mavzuga oid