O‘zbekiston | 19:40 / 09.10.2017
22466
3 daqiqa o‘qiladi

«Chegara chiziqlarni aniqlashda yutgan yoki yutqazgan tomonlar bo‘lgani yo‘q»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyevning 5—6-kunlarida Toshkentga amalga oshirgan tashrifi davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaralar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Ilhomjon Ne'matov «O‘zbekiston 24» telekanaliga ushbu tashrif va oliy darajadagi muzokaralar xususida so‘zlab bergan.

Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyevning mamlakatimizga tashrifi davomida 14 ta muhim hujjat bilan birga O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaralar bo‘yicha bitim ham imzolandi. Bu hujjat birinchi navbatda xavfsizlik va tinchlik kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, iqtisodiy va madaniy aloqlarni rivojlantirishda, chegaraga yaqin hududlarda yashovchi, o‘zaro qarindoshlik rishtalarini bog‘lagan aholi uchun ham muhim ahamiyatga egadir. Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bu — qo‘shnilar bilan aloqalarni rivojlantirishga qaratiladi.

Bu chegara chiziqlarni aniqlashda yutgan yoki yutqazgan tomonlar bo‘lgani yo‘q. Buning ostida faqat ikki tomonlama manfaat yotibdi. 5 sentabr kuni Bishkekda imzolangan Bitimda chegara chizig‘i umumiy uzunligining 1 170 kilometri kiritilgan edi. Bugungi kunda aniqlanmagan chegara joylari 23 ta, ya'ni, 264 kilometrni tashkil etmoqda. Bular ichida biz uchun eng muhimlari qaysilar?

Birinchisi, Andijon suv ombori chegara chizig‘ini aniqlash va uni xaritaga kiritish. Ikkinchisi, Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi chegara hududlarini aniqlab xaritaga kiritish. Uchinchisi, Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida Qirg‘izistonning Barak anklavi atrofidagi chegara chiziqlarini aniqlash.

Mana shu uchta muhim masala Almazbek Atamboyevning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ochiq muhokamaga qo‘yildi va yechim topildi. Bu masalaning yechilishi O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaralari bo‘yicha davlat komissiyaning kelajakdagi ishiga juda katta yordam beradi. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda chegaralar bo‘yicha barcha ishni tamomlab, yakuniy bitim bo‘yicha hujjatlarni tayyorlaymiz. 

Mavzuga oid