Jahon | 09:55 / 16.10.2017
11339
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda natijalarga e'tiroz bo‘lmasa, yangi prezident inauguratsiyasi 4 dekabrga qadar o‘tkaziladi

Foto: Reuters

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi 15 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi natijalarini e'lon qilishda davom etmoqda. 16 oktabr kuni soat 9:17dagi holatga ko‘ra, Sooronbay Jeenbekov saylovchilarning 52,76 foiz ovozini to‘plab yetakchilik qilmoqda.

Qirg‘iziston prezidenti va Jo‘qorg‘i Kenesh deputatlari saylovi haqidagi konstitutsiyaviy qonunga ko‘ra, MSK ovoz berish jarayonidan so‘ng 20 kundan kechiktirmagan holda (4 noyabr) davlat rahbari saylovi natijalarini aniqlaydi. Agarda, ovoz berish natijalari bo‘yicha belgilangan tartibda shikoyat tushsa, saylov natijalarini aniqlash sud ko‘rib chiqqunga qadar to‘xtatiladi.

Saylovda ishtirok etgan barcha fuqarolarning yarmidan ko‘proq ovozini birinchi turda olgan nomzod saylangan hisoblanadi.

Saylov natijalari rasmiy e'lon qilingan kundan boshlab 30 kalendar kun ichida saylangan prezident (natijalar shubha ostiga olinmaydigan bo‘lsa - 4 dekabrga qadar) Jo‘qorg‘i Kenesh deputatlari ishtirokida Qirg‘iziston xalqiga qasamyod keltiradi. Qasamyod davlat tilida keltiriladi.

Davlat rahbari saylovi natijalarini rasmiy ravishda e'lon qilishni Markaziy saylov komissiyasi ommaviy axborot vositalarida 3 kalendar kuni davomida amalga oshiradi.

Markaziy saylov komissiyasi saylangan prezidentni ro‘yxatdan o‘tkazadi va lavozimga kirishishi chog‘ida prezident sifatida saylangani to‘g‘risida guvohnoma, ko‘krak nishoni hamda bayroq topshiradi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid