O‘zbekiston | 14:10 / 24.10.2017
73176
4 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasi YPX bo‘yicha qaror chiqardi 

Andijon.uz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2017 yil 23 oktabr kuni “Yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarini bosqichma-bosqich qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni chiqardi.

Hujjat bilan 2018-2022 yillarda Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmatining yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarini bosqichma-bosqich qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish tadbirlari dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmatining yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarini (YPX) bosqichma-bosqich qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish doirasida:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari - buyurtmachilar etib;

bosh loyihalashtirish va pudratchi tashkilotlar - belgilangan tartibda o‘tkaziladigan tanlov (tender) savdolari natijalari bo‘yicha belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

ilgari modernizatsiya qilingan YPX postlari, shuningdek yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha yagona markazlashtirilgan axborot tizimini tashkil etish hisobga olingan holda, YPX statsionar postlari qulay joylashtirilishini;

loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini, shuningdek YPX statsionar postlarining tasdiqlangan namunaviy sxemalarga qat'iy muvofiq ravishda qurilishi va rekonstruksiya qilinishi yuzasidan nazoratni ta'minlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish doirasida:

loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va optik aloqa liniyalarini o‘tkazish uchun zarur ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari tashkil etilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda trassalarni topografik suratga olish ishlarini hamda tashqi muhandislik kommunikatsiyalarini qurish uchun belgilangan tartibda yer uchastkalari berilishini tashkil etadi.

“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyurtmanomalariga binoan:

ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish doirasida optik aloqa liniyalari o‘tkazish ishlarini bajarish uchun pudratchi tashkilotlarni belgilangan tartibda aniqlaydi;

ma'lumotlar uzatish xizmatlari ko‘rsatsin va zamonaviy telekommunikatsiya tarmoqlarini barpo etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini ta'minlaydi va bajariladigan qurilish-montaj ishlari sifati yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazorati o‘rnatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi har yili tasdiqlanadigan mablag‘lar doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalarining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha 2018 yildan boshlab, ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish doirasida obektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilish uchun kapital mablag‘lar limitlarini nazarda tutadilar.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari - “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov zimmasiga yuklandi.

Mavzuga oid