Jahon | 23:10 / 26.10.2017
47413
7 daqiqa o‘qiladi

Somalida odamlar nega o‘lmoqda?

Nega oxirgi paytda jahon nashrlarida Somali Respublikasida (Somaliya) aholining halok bo‘lishi va ekstermistik harakatlar haqida ko‘p xabarlar paydo bo‘lmoqda? Parijda ikki kishining vafot etishi butun dunyoga yashin tezligida shum xabar sifatida yetkazilsa, Somaliyada vafot etayotgan yuzlab fuqarolar oddiy holdek tasvirlanadi. Buning sababi nimada?

Somaliyada ijtimoiy vaziyat tang ahvolda qolmoqda

Somali Respublikasi Adan qo‘ltig‘i orqali Yaman, shimol-g‘arbda Jibuti, janubi-g‘arbda esa Efiopiya Respublikasi bilan chegaradosh. Shuningdek, Somaliyada Hind okeaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati bor. Umumiy 637,657 kv.km maydonning 3,025 kv.km chizig‘i dengiz qirg‘og‘iga to‘g‘ri keladi. Mamlakatda 15 million kishi istiqomat qilsada, ularning bor-yo‘g‘i 37 foizigina urban (shaharlashgan) hududlarda yashaydi. Somaliya xalqi asosan sunniy mazhabiga e'tiqod qilib, 85 foiz aholi somali tub-etnik guruhiga mansub. Bantu va arablarga mansub aholi arab tilida so‘zlashadi. Shundan kelib chiqib, mamlakatda ikkita til rasman tan olingan.

Demografik ko‘rsatkich achinarli darajada inqiroz ko‘chasiga kirib qolgan. Eng avvalo, bunday vaziyatni aholining 26 foizini ayollar tashkil etishida ko‘rish mumkin. Boshqa Afrika mamlakatlarida ham aholining savodxonlik darajasi dunyoning ayrim rivojlanayotgan davlatlaridan orqada bo‘lsa, Somaliyada bu ko‘rsatkich Afrika bo‘yicha ham yomon natijani beradi. Ya'ni, aholining 37,8 foizi o‘qish va yozishni biladi. Shuning barobarida ayollarning 25,8 foizi savodxonlik darajasiga ega. Bugungi kunda mamlakatda yuz berayotgan xunrezliklarning qisqa omillaridan biri - aholining savodxonlik darajasi pastligi, ishsizlik va birlamchi tovarlarning yetishmasligi deb e'tirof etish mumkin.

Buning ustiga, davlatda turli yuqumli, jumladan malariya, tifoid shamollash, shitosomiazis, protozoal, bakteriyali diareya, gepatit A va Ye kabi kasalliklar keng tarqalgan. BSST (Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti) tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, 5 yoshdan kichik bolalarning 37 foizi nomutanosib vazn sharoitida ulg‘aymoqda.

Somaliya urush ko‘chasiga qanday kirib qoldi?

Foto: The Big Picture

Avvalo, Somali Respublikasini qanday tasavvur etishni kelishib olish zarur. U siz o‘ylagandan ko‘ra chigal holatda qolgan. 1960 yilgacha dunyoning qudratli davlatlari mustamlakasi bo‘lib kelgan Italiya Somalisi va Britaniya Somalilend hududlari yagona va mustaqil Somali Respublikasiga birlashdi. Uning birinchi prezidenti Abdulloh Usmon Daar sobiq Sovet ittifoqi bilan yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida mamlakatda sotsializm qurilishini e'lon qiladi. Keyingi mamlakat rahbari Siyad Barri hokimiyatni harbiy to‘ntarish natijasida qo‘lga kiritib, tez orada qo‘shni mamlakatga chegara da'vosi bilan urush e'lon qiladi. Efiopiyaning Ogaden viloyatini bosib olish rejasi sovetlarga yoqmadi, bunda Efiopiyaning SSSR bilan ittifoqchi bo‘lgani ham qo‘l kelib, sho‘rolar efiopiyalik harbiylarga xayrixohlik bildira boshladi.

Ogaden muammosi mamlakatni holdan toydirib, yangi harbiy to‘ntarishga yo‘l ochib berdi. 1991 yilda yuz bergan davlat to‘ntarishidan Somaliya hech qanday manfaat topmadi, zero mamlakat de-fakto o‘z vazifalarini bajarishga qodir emasdi. Dala harbiy qo‘mondonlari o‘zaro kurashga kirishib ketdi. Bu orada yagona Somalilend yerlari o‘zining barqarorligi va mustaqilligini saqlab qololdi.

Asosiy maydonda Islom sudlari kengashi va muvaqqat federal hukumat to‘qnashuvi yuz berdi. Muvaqqat federal hukumatni BMT, Afrika kengashi hamda AQSh qo‘llab turdi, ammo ISK poytaxtni egallashga erishdi. Strategik ahamiyatga ega Kismayo porti, Mogadisho shahri va janubiy yerlarda tinchlik to‘liq hukmronlik qila boshladi. Infratuzilma qayta ta'mirlanib, telekommunikatsiya vositalarining faoliyati qayta tiklandi. Xalq o‘z-o‘zidan islomiy harakat a'zolarini qo‘llashga o‘tgan bir davrda, AQSh kengashning amaldagi rahbariyati Al-Qoida xalqaro terroristik guruhning ta'sirida ekanini ma'lum qildi.

2006 yilda Efiopiya Hind okeaniga chiqish imkoniyatini saqlab qolish va neft makonlarini o‘zlashtirish maqsadida Somaliya ichki ziddiyatlariga aralasha boshladi. Poytaxtni qo‘lga kiritgan efiopiyalik harbiylar muvaqqat hukumat bilan «Tinchlik konferensiyasi»ni tashkil etib, mamlakat boshqaruvini qo‘lga olganlarini e'lon qilishdi. 2009 yilda esa Efiopiya Somali Respublikasida ortiq harbiy amaliyotlarni olib bora olmasligini tushunib yetgach, mamlakatni tark etadi, ammo jarayonlar ketma-ketligida Islom sudlar kengashi vorisi «Ash-Shabob» paydo bo‘ladi.

Foto: The Big Picture

Muvaqqat hukumat rahbari Shayx Sharif Ahmad «Ash-Shabob»ga qaraganda kam hududni boshqarardi. 2010 yili mamlakat Bosh vaziri etib, AQSh fuqaroligiga ega Muhammad Abdullohi Muhammad saylandi. Keyinroq, Harvard bitiruvchisi Abduvali Muhammad Ali ushbu lavozimni egalladi. Shuning bilan mamlakatda ichki ziddiyatlar rivojlanib ketdi. Endilikda federal hukumat Somaliyaning 60 foizga yaqin hududini o‘z nazoratiga olgan bo‘lsada, unda bir nechta mahalliy hokimliklar paydo bo‘ldi.

Mamlakatning iqtisodiy holati

Nazvaniye

Bu savolga javob berish mushkul, garchi fuqarolar urushini bir necha yillardan beri boshdan kechirayotgan mamlakat bo‘lsa ham, somaliliklar dehqonchilik, chorvachilik va an'anaviy iqtisodiy tarmoqlarni rivojlantirish bilan kun kechirib keldi. AQSh MRB hisobotiga ko‘ra, 1994 yilda davlat YaIM 3,3, milliard dollarga teng bo‘lgan. 2009 yilda bu ko‘rsatkich 5,7 milliard dollardan oshgan. Aholi asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini arab davlatlariga eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Somaliyada 2004 yildan buyon Koka-kola va Jeneral Motors kabi trans-milliy korporatsiyalar faoliyat olib boradi.

Somaliyada gips, temir, uran koni, neft-gaz va titan rudasi borligi aniqlangan. Hukumat «Ash-Shabob» guruhi bilan kelishmasligi, uning legitimligini tan olmasligi aniq. Shuningdek, shimolda Somalilend mustaqilligini tan olish masalasi ochiq qolgan. Buning ustiga, Efiopiyaning Somali Respublikasidagi siyosiy ta'siri kamayganicha yo‘q.

Mavzuga oid