Jamiyat | 13:31 / 28.10.2017
103000
7 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 16 qavatli osmono‘par turar joy binosining qurilishi aholida norozilik uyg‘otmoqda (video)

Bunyodkorlik — xalqimizning ezgu ishlaridan sanaladi. Uy ko‘tarish, ko‘prik qurish, yo‘l sozlash azaldan odamlarimizning fe'lida bor. Biroq ezgu ishlar sa'y-harakatida ham ko‘ngilsiz voqealar uchrab turadi. KUN.UZ’ga bir guruh samarqandlik yurtdoshlarimiz murojaat qilishdi.

Ularning yozgan shikoyat xati ko‘ra Samarqand shahridagi O‘zbekiston ko‘chasi 114-G manzilda 16 qavatli turar-joy majmuasi qurilishi boshlanganligi, biroq qurilishni olib borayotgan tashkilot buning uchun qonuniy ruxsatnoma olmaganligi, qurilish ishlari bilan aholiga ozor berayotgani bayon etilgan. KUN.UZ ushbu murojaatni o‘rganish uchun Samarqandga yo‘l oldi. Manzilga yetib borgach, avvalo o‘sha yerda yashovchi aholi bilan suhbatlashdik.

O‘zbekiston ko‘chasi 114-uy manzilida yashovchi Ruslan Xaynurov qurilish uchun birorta hujjat yo‘qligi, kanalizatsiya kollektori Siyobcha kanaliga yaqin joyga ko‘chirilganligi, kanal yoqasidagi daraxtlar kesib tashlanganligi, qurilish ishlari mavjud normativ hujjatlarga zid ravishda 50 metrlik himoya masofasiga rioya qilinmasdan olib borilayotganini bayon etdi. Shuningdek, qurilish davomida ishchilardan biriga og‘ir tan jarohati yetib, u nogironga aylanganini ham aytib o‘tdi.

Aholi vakillari kuyinib o‘z e'tirozlarini so‘zlar ekan, biz qurilishga mas'ul bo‘lganlarga ham aloqaga chiqdik. Ma'lum bo‘lishicha, 16 qavatli turar joy majmuasining qurilish ishlari Samarqand shahar «Damir Binokor Qurilish» mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilmoqda.

Biz mas'ullarni topgunga qadar obekt atrofini aylanib chiqdik. Ushbu hududda boshqa qurilish ishlari ham olib borilayotgan ekan. Xususan, ipak to‘qimachilik fabrikasining bir qismida olib borilayotgan qurilishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari ham o‘sha yerdagi aholi noroziligini keltirib chiqarayotganining guvohi bo‘ldik

Biroz vaqt o‘tib, qurilishga mas'ul bo‘lganlar kelishdi. Suhbatimizni ular bilan davom ettirdik. Eng avvalo qurilish bilan bog‘liq hujjatlar bilan tanishib chiqishni so‘radik.

Hujjatlarga ko‘ra, 1 gektarga yaqin yer qurilish tashkiloti tomonidan xarid qilingan. «ToshboshplanLiti”ning qurilish ishlarini olib borish uchun amal qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlarga doir tavsiyasigina bor. MChJ Samarqand shahar hokimligiga qurilish ishlarini boshlash uchun murojaat qilgan, tegishli tashkilotlarning muhri bosilgan. Biroq shahar hokimining qarori yo‘q.

Sirasini aytganda, qurilish ishlari bilan bog‘liq rasmiy hujjatlar tayyor emas. Biroq vakolatli tashkilotlar o‘z xulosalarini bergan. Xususan, viloyat yong‘in xavfsizlik boshqarmasi, viloyat suvoqava davlat unitar korxonasi, shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan ijobiy xulosa berilgan. Biz vakolatli tashkilotlarning muhri urilgan qurilish loyihasini so‘raganimizda MChJ rahbari Sunnat Abdullayev uni bizga ko‘rsatmadi.

«ToshboshplanLITI»ning xulosasini so‘raganimizda esa uning tavsiyalari berilgan xatni taqdim etdi.

Shuningdek, o‘rganishlarimiz natijasida qurilish ishlari davrida qurilish hududidan o‘tgan shahar markaziy kanalizatsiya quvuri qurilish ishlariga xalaqit berganligi sababli uzilganligi, undagi oqava suvlar esa Siyobcha kollektoriga tashlanayotganligi, bu bo‘yicha viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan «Damir Binokor qurilish» mas'uliyati cheklangan jamiyati ekologik kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirilishini ma'lum qilgan.

Ahamiyatli jihati, O‘zbekiston ko‘chasi 114-uy aholisi shahar hokimligiga, Samarqand viloyati prokuraturasi, xalq qabulxonasi va Prezident portaliga murojaat qilishgan. Murojaat o‘rganilib, qurilish ishlari to‘xtatilganligi haqida javob berilgan. Biroq shikoyatchilarga ko‘ra amalda qurilish ishlari davom etgan, etmoqda.

Ijodiy guruhimiz bilan «Damir Binokor qurilish» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sunnatillo Abdullayev bilan birga qurilish hududini aylandik. U ayni vaqtda qurilish ishlari davom etayotgani haqidagi axborotning yolg‘onligini, faqatgina ulkan ko‘tarma kranning montaj ishlari ketayotganligini ta'kidladi. Biz qurilish hududida kechki ovqatga o‘tirgan ishchilar bilan ham suhbatlashdik.

Biz qurilish hududidagi vaziyatga xulosa bermaymiz. Ko‘rganingiz bor haqiqat. Aholiga murojaatiga berilgan javob ayrim tashkilotlar uchun shunchaki qog‘ozbozlik bo‘lsa bu uchun vakolatli organlar oldida javob berdi. Ta'kidlamoqchi bo‘lganimiz boshqa jihat.

Tadbirkorning tashabbusi xayrli. U birinchi navbatda yurt ravnaqiga xizmat qilishni xohlayapti — ko‘hna shahar Samarqandda zamonaviy osmono‘par imorat qad rostlashiga hissa qo‘shmoqchi. Biz Sunnatillo Abdullayev bilan suhbatlashganimizda mazkur loyihani amalga oshirishda o‘z tashkilotiga tegishli yer maydonida puxta reja tuzilgani, hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha barcha ma'lumotlar va arizalar kerakli tartibda topshirilganligini, biroq shunday bo‘lsa-da, Samarqand shahar hokimligidan hamon qurilishni boshlash uchun qaror ololmayotganligidan, kutishdan charchaganligini izhor etdi. Darhaqiqat, «Damir Binokor qurilish» mas'uliyati cheklangan jamiyati Samarqand shahar hokimligiga 28 iyunda O‘zbekiston ko‘chasi 114-G uy hududini obodonlashtirish, ko‘p qavatli turar joy qurish maqsadi bilan ariza bergan bo‘lsa-da, tadbirkor arizasi hamon javobsiz qolmoqda.

Endi xolisona fikr. Bunyodkorlik bir kishining ishi emas. Bu ko‘pchilik bilan bo‘ladigan xayrli ish. «Damir Binokor qurilish» mas'uliyati cheklangan jamiyatining tashabbusiga mutasaddilar o‘z vaqtida javob berganida, aholi bilan oshkora, samimiy muloqot uyushtirilib, loyihaning mazmun-mohiyati tushuntirilganida, vakolatli tashkilotlar aholiga bergan ma'lumoti amaldagi xatti-harakatda ifodalanganda, bir so‘z bilan aytganda — amaldagi qonunchilikka so‘zsiz rioya qilinganida shu kabi ko‘ngilsizliklar bo‘lmas edi.

Umid qilamizki, bu kabi tushunmovchiliklar tez fursatda o‘z yechimini topib, xayrli ishlar bardavom bo‘ladi.

Xurshid Daliyev,
Tolibjon Rahmatov,
KUN.UZ maxsus muxbirlari.

Mavzuga oid