Sport | 15:00 / 01.11.2017
12002
7 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ligasini sog‘ingan «Atletiko». YeChL oqshomidagi asosiy voqealar

31 oktabr oqshomida Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichida 4 guruh uchrashuvlari o‘tkazildi. 4-turdan keyinoq «PSJ» va «Bavariya» guruh masalasini hal qilib bo‘ldi, oxirgi yillarda turnir favoritlaridan biri bo‘lib kelgan «Atletiko» esa turnirni tark etish yoqasida qoldi. «Tribuna» seshanba oqshomidagi o‘yinlarning asosiy voqealarini eslab o‘tadi.

Mourinoning muxlislar bilan ziddiyati

O‘tgan haftada «Tottenhem» bilan o‘yin (1:0) yakunlanishi hamono, Joze Mourino kameraga qarab barmog‘ini labiga tekkizgan holda, «jim bo‘l» ishorasini qilgandi. Ko‘pchilik bu harakat asosan, so‘nggi paytlarda jamoa o‘yinini tanqid qilayotgan jurnalistlarga qaratilganini taxmin qilgan bo‘lsa-da, aslida stadionga tashrif buyurgan muxlislar uchun ham murojaat bo‘lishi mumkin ekan.

Mourinoning «Benfika»ga qarshi o‘yindan oldin aytilgan qo‘yidagi fikrlari buni isbotlagandek bo‘ldi:

«Umid qilamanki, bugun o‘z ishimizni uddalaymiz va YeChL pley-offiga yaqinlashamiz. Yana shuni umid qilamanki, o‘yin ham ko‘pchilikka, jumladan, «Tottenhem» bilan o‘yinni yoqtirmagan ba'zilarga ham yoqadi», – dedi portugaliyalik mutaxassis. 

Murabbiyning bu gaplari va tabiiyki, oldingi o‘yindagi harakati uning Reshfordni Marsiyalga almashtirish qarorini hushtakbozlik bilan kutib olgan muxlislarga qaratilganini taxmin qilish mumkin. Oqibatda Marsiyal «Tottenhem» darvozasiga g‘alaba golini urdi, Mourino esa, «jim bo‘linglar, bu yerda men bossman» degandek bo‘ldi – «yopishyapti».

«Benfika»ga qarshi o‘yin ham «MYu»ning aktiviga yozildi – 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba, «Old Trafford»da qatorasiga 38 mag‘lubiyatsiz o‘yin. Bu ham klub rekordi.  

Luis Suares qachon gol uradi?

Hujumchilarning golsiz seriyalari darrov ko‘pchilikning e'tiborini tortadi va bu haqida gapira boshlaydilar. Masalan, Krishtianu Ronalduning muavaffaqiyatsiz boshlangan mavsumi haqida. Ammo «Barselona»ning g‘alabali o‘yinlari va Messining sermahsulligi fonida Luis Suaresning muammosi uncha ko‘zga tashlanmayotgandek.

Ushbu mavsumda barcha musobaqalarda Suares hammasi bo‘lib 3 gol urdi xolos. Chempionlar Ligasidagi to‘rt o‘yinda u hali raqib darvozasini ishg‘ol qila olmayapti. Urugvaylik hujumchi so‘nggi 4 o‘yinda ham gol urmadi, «Olimpiakos»ga qarshi o‘yinda uning 7 zarbasi hisobni o‘zgartira olmadi. 

«Barselona» esa, Gretsiyada golsiz durangdan so‘ng, yana bir seriyasiga barham berdi – 2012 yildan buyon birinchi marta «Barselona» guruh o‘yinida maydonni gol urmasdan tark etdi.

Inglizlar nihoyat to‘xtatildi

Guruh bosqichining dastlabki davrasi ingliz klublarining yaqqol peshqadamligida o‘tgandi va beshta guruhda APL klubi peshqadamlikni o‘z qo‘liga olgandi. Ammo bu holat endi o‘zgaradigan ko‘rinadi.

Rimda yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragan «Chelsi» guruhda ikkinchi o‘ringa tushib ketdi. Bu ushbu mavsum Chempionlar Ligasida ingliz jamoalarining dastlabki mag‘lubiyati bo‘ldi. Ungacha o‘tkazilgan 15 o‘yinning 11tasida Angliya vakili g‘alaba qozongandi.

Bugun «Tottenhem» «Real» bilan, «Manchester Siti» esa, safarda «Napoli» bilan kuch  sinashadi. Ular avvalgi tempni ushlab, «Chelsi»ning mag‘lubiyati istisno ekanini isbotlay oladilarmi?

England Penalty Loose

APLni endi qisqartirib, shunday atasa ham bo‘lar. Ma'lumki, bir irlardiyalik tomonidan ixtiro qilingan penalti Angliya jamoalari, xuusan Angliya terma jamoasi uchun nuqul omadsizlik keltiradi va yirik musobaqalarda inglizlar juda ko‘p bor penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchrashgan.

Bu safar ingliz klublarining YeChLda penaltilar bog‘liq muammolarga duch kelayotganliklarini ta'kidlash joiz. APL vakillari tomonidan ijro etilgan 5 penaltining atigi ikkitasi golga aylandi. Avvalgi o‘yinlarda «Manchester Siti» hujumchisi Serxio Aguero, «Liverpul» a'zosi Firminolar «nuqtadan» aniq zarba bera olmagandi. Kechagi o‘yinda esa, Antoni Marsiyal ham darvozabonni dog‘da qoldira olmadi.

Penaltini aniq amalga oshira olmagan futbolchilarning ingliz emasliklariga ham e'tibor bering, demak bu klublardagi inglizdan undanam badtardir?    

Kavani rekorddan quruq qoldi

Edison Kavani qatorasiga 7-chempionlar ligasi uchrashuvida gol urgan edi. Avvalroq bunday ko‘rsatkichni qayd etgan futbolchilar faqat Krishtianu Ronaldu va Ruud van Nistelroy bo‘lgan xolos.

Qizig‘i, «PSJ» juda osonlik bilan 5 gol urgan kechagi o‘yinda Kavanining seriyasi ham yakuniga yetganidir. O‘ng qanot himoyachisi Kurzava het-trik qilayotgan paytda, Kavani birorta ham gol ura olmadi.

Demak, Kavani yangi rekord qo‘yish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi. Ronaldu qatorasiga sakkiz, Ruud van Nistelroy esa, to‘qqiz o‘yinda gol urgan hujumchilar sifatida yetakchilikda qoldi.

«Atletiko» Yevropa Ligasini sog‘indimi?

To‘rt yilda ikki marta Yevropa Ligasini yutib olgach, madridliklar so‘nggi 4 yilda muntazam Yevropa Chempionlar Ligasi pley-ffida ishtirok etib kelishgan va ikki marta finalda, bir marta yarim finalda o‘ynab ham ulgurishgandi. Bu safar ularga sal qiyinroq guruh tushgani rost, ammo Simeone jamoasi 4 ochkoni ozarboyjonliklarga qarshi o‘yinlarda yo‘qotishini kim o‘ylabdi deysiz? Balkim libosida aynan «Ozarboyjon» yozuvi bilan Yevropa top klublari ichiga kirib kelgan «Atletiko» bu nomning salobatini his qildimikin?

Nima bo‘lgandayam, endi madridliklarning keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlari pasayib ketdi. «Atletiko» keyingi ikki turda asosiy raqiblari ustidan g‘alaba qozongan taqdirda ham, «Roma» va «Chelsi» «Qorabog‘»ni yutib, guruhdagi dastlabki o‘rinlarni egallashlari mumkin.

Mavzuga oid