«Real» «Atletiko»ga qarshi, «Manchester Siti» nimchorakfinal yo‘llanmasi uchun kurashadi. Hafta o‘yinlari anonsi
Kelasi hafta yevrokuboklar boshlanishi munosabati bilan aksariyat top-klublar kechadan o‘z o‘yinlarini boshlab yuborishdi. «Yuventus», «PSJ» va «Bavariya» o‘z o‘yinlarini g‘alaba bilan yakunlashdi. Bugundan esa Angliyada kubok o‘yinlari davom etsa, yarim kechasi kunning markaziy o‘yini – Madrid derbisi bizni kutib turibdi.

Foto: Getty Images
LeYTON ORIYeNT – MANCheSTeR SITI (8 fevral, 17:15)
Albatta, kim bilan o‘ynashidan qat’i nazar «Manchester Siti»ning o‘yinlari e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Agar «Manchester Siti» himoyachilari bilan hammasi joyida bo‘lganida, balki Husanovning debyuti aynan shu uchrashuvga to‘g‘ri kelishi mumkin edi.
Bugungi o‘yinda Abdukodirning asosiy tarkibda tushish ehtimoli yuqori edi. Ayni paytda markaziy himoyachilardan Ruben Diash va Natan Ake to‘liq tiklanib ulgurgani yo‘q. Bu futbolchilar qaytgan taqdirda ham, Gvardiola «Leyton»ga qarshi tushirib, risk qilmasa ham kerak. Kelasi haftada «Real»ga qarshi Chempionlar Ligasidagi muhim o‘yin kutib turganini e’tiborga olsak, Akanji va Stounzlarni ham o‘sha o‘yinga asrashga harakat qilinadi. Shu tomondan olib qaraganda, bugun maydonda Husanov – Reys juftligini ko‘rishimiz taxmin qilingandi. Abduqodir shunday o‘yinlar orqali jamoaga moslashmasa, qachon moslashadi?
Boshqa tarafdan, Husanovning bu o‘yinga tushmasligi ham qandaydir ijobiy taxminlarga yo‘l ochishi ham mumkin. Ma’lumki, klub uni Chempionlar Ligasi qaydnomasiga kiritdi. Bugungi o‘yinda asosiy tarkibda tushmaydiganlar katta ehtimol bilan «Real»ga qarshi o‘ynashi mumkinligini taxmin qilsak, Husanov o‘sha o‘yinga asralmoqda, degan xulosa ham paydo bo‘lishi mumkin.
Bevosita raqibga to‘xtaladigan bo‘sak, «Leyton Oriyent» sharqiy London jamoasi bo‘lib, Angliyada uchinchi liga sanalmish «Liga 1»da to‘p suradi. O‘tgan mavsumda 11-o‘rinni egallagan bo‘lsa, ayni damda ham o‘rta pog‘onalarda bormoqda. Uy o‘yinlarini 9 ming kishiga mo‘ljallangan stadionda o‘tkazadi. Angliya kubogi avvalgi bosqichida Chempionship jamoasi «Derbi Kaunti»ni penaltilar seriyasi yordamida mag‘lub etgan.

ReAL – ATLeTIKO (9 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)
Shubhasiz, Madrid derbisi ushbu dam olish kunlari Yevropada eng markaziy o‘yin deb bemalol aytish mumkin. Hozirda La Liga turnir jadvalini boshqarib turgan ikki jamoa peshqadamlik uchun kurash olib boradi. Durang ham har ikki jamoani qoniqtirmasa kerak, zero ortdan «Barselona» klubi ham quvib kelayotganini unutmaslik kerak.
Tan olish kerak, derbi «Real» uchun o‘ta noqulay davrga to‘g‘ri kelmoqda. Raqibidan farqli ravishda «Real»da kelasi hafta Chempionlar Ligasi keyingi bosqichiga chiqish uchun «Manchester Siti» uyiga safar kutib turibdi. «Atletiko» umumiy jadvalda kuchli sakkizlikdan joy olgani uchun allaqachon nimchorak final ishtirokchisiga aylanib, o‘z raqibini kutmoqda. Buning ustiga «Real» hamon jarohatlar girdobidan chiqib keta olmayapti. «Men ham Valverdeni yoki Chuamenini yarimhimoyada o‘ynatishni xohlayman, ammo ayni damda bor resurslar bilan o‘ynashga majburmiz» – dedi o‘yindan avvalgi matbuot anjumanida Karlo Anchellotti.
Haqiqatan ham «Real»ning ayniqsa himoya chizig‘ida yo‘qotishlar ko‘p. Militao va Karvaxal mavsum oxirigacha safdan chiqqani yetmagandek, David Alaba va Antoni Ryudiger ham jarohat olishgan va salkam bir oy vaqt mobaynida «Real»ga yordam bera olishmaydi. Bu bir oy esa barcha musobaqalar nuqtai nazaridan juda muhim palladir. Natijada himoya chizig‘ida goh Chuameni, goh Valverde, shuningdek, Asensio kabi yosh futbolchilar tushishga majbur bo‘lishmoqda.
«Atletiko»da teskari holat, jarohatlanganlar deyarli yo‘q va butun mavsum mana shunday davom etib kelmoqda. Bunga qaysidir ma’noda Simeonening rotatsiyasi va o‘yinlarda kuchni to‘g‘ri taqsimlayotgani ham sabab bo‘lsa kerak. Ushbu uchrashuvga faqat Robin le Norman tusha olmaydi. U ham jarohat tufayli emas, o‘tgan turdagi sariq kartochka tufayli limitga yetib borilgani uchun diskvalifikatsiyaga uchragan.
«Real» o‘z maydonidagi o‘yinlarda ancha ishonchli harakat qilayotganini ham ta’kidlash kerak. Madridliklar faqat «Barselona»dan mag‘lub bo‘lishdi va qolgan hamma o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan. Shu o‘rinda «Atletiko» ham ko‘proq uy jamoasi ekanini aytish mumkin. Safarda o‘tkazilgan 10 o‘yinning yarmida Simeone jamoasi g‘alaba qozonishning uddasidan chiqmagan. Raqiblarning so‘nggi 4 o‘yini esa durang bilan yakunlangan. Ispaniya chempionati doirasidagi ikki o‘yin bir xil – 1:1 hisobida yakunlangan bo‘lsa, undan avval Qirollik kubogi va Superkubokda to‘qnash kelishgan – har ikki o‘yin asosiy vaqti durang bilan tugab, qo‘shimcha vaqtlarda bir marta «Real» (5:3), bir marta esa «Atletiko» (4:2) ustun kelgan.
Darvoqe, «Real» va «Atletiko»ning o‘zaro bahsi shu bilan mavsumda tugamasligi mumkin. Hozirda har ikki jamoa Ispaniya kubogi yarimfinaliga chiqishdi va balki qur’a ularni ushbu bosqichda, agar jamoalar uchun omadli kelsa finalda ro‘para qilishi mumkin. Bundan tashqari, agar «Real» manchesterliklardan o‘tib, Chempionlar Ligasi nimchorak finaliga chiqadigan bo‘lsa, ushbu bosqichda yo «Bayyer» yoki «Atletiko»ga qarshi to‘p suradi.
BRAYTON – CheLSI (9 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)
Bu hafta Angliyada Premer Liga o‘yinlari o‘tkazilmayotgan bo‘lsa-da, mamlakat kubogi navbatdagi bosqichida ham bir qator qiziqarli juftliklarni ko‘rishimiz mumkin. «Tottenhem»ning «Aston Villa»ga safari ham qiziq bo‘ladi, albatta, «Brayton»dagi o‘yin ham muxlislar e’tiborida tursa kerak.
Sababi, har ikki jamoa mavsumni juda yaxshi boshlagan, o‘yinda o‘z chizgilariga ega bo‘lsa-da, so‘nggi paytlarda biroz omadi yurishmayotganlardir. «Chelsi «bir muddat hatto «Liverpul»ning eng yaqin ta’qibchisiga ham aylangan, ba’zilar chempionlik ambitsiyalari haqida ham yoza boshlagandi. Ammo so‘nggi oylar Mareska shogirdlari uchun juda omadsiz keldi – Premer Ligasi doirasida londonliklar oxirgi 8 o‘yinning atigi 2 tasini o‘z foydasiiga hal qildi xolos. «Brayton»ning esa bir qator yo‘qotishlardan tashqari, barcha muvaffaqiyatsizliklar yana bir mudhish uchrashuvga jo bo‘lganini aytish kerak – «Brayton» kutilmaganda Nottingemda 0:7 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Albatta bu yerda «Nottingem»ga omad ham kulib boqqani, 9 aniq zarbadani 7 tasi golga aylanganini ham eslash mumkin, ammo baribir Xyurselarning biroz ochiq uslubni tanlashi ham pand bergani bor gap. Ushbu o‘yindan oldin jamoa o‘z uyida «Everton»ga ham mag‘lub bo‘lganini e’tiborga olsak, o‘z muxlislari oldida vaziyatni o‘nglash shart.
Qiziq tomoni, bir hafta o‘tib yana xuddi shu raqiblar yana bir bor, endi APL doirasida bellashadilar. Birinchi davradagi mazkur jamoalar to‘qnashuvi 4:2 hisobida «Chelsi» foydasiga hal bo‘lgan, o‘yin Koul Palmerning pokeri bilan yodda qolgandi. Umuman barcha musobaqalar doirasida so‘nggi to‘rt o‘yinda «Chelsi»ning qo‘li baland kelmoqda. Jamoalar o‘rtasidagi oxirgi 20 o‘zaro o‘yinda «Brayton» atigi uch marta g‘alaba qozongan xolos. 11 uchrashuv «Chelsi»ning g‘alabasi bilan yakunlangan.
Jarohatlarga kelsak, mezbonlarda yo‘qotishlar juda ham ko‘p, Biz «Tottenhem» yoki «Manchester Siti»dagi jarohatlarga ko‘p urg‘u beramiz, sababi jarohatlangan futbolchilar yetarlicha mashhur. Ammo «Bornmut», «Brayton» kabi jamoalar ham jarohatlar girdobida to‘p surayotganini, yo‘qotilganlarning o‘rni tarkibda kam emasligini ham e’tiborga olish kerak. Baleba, Kadio‘g‘li, Milner, Igor, Vifer, Estipuniyan, March, Ayari – bularning har biri asosiy tarkib futbolchilari, kamida rotatsiyada yoki zaxiradan tushib o‘yinga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan nomlar. «Chelsi»da esa Fofana va Laviyadan tashqari, Nikolas Jyeksonda ham kichik jarohat bor va ushbu o‘yinda sheriklariga yordam berishi so‘roq ostida qolmoqda.
SeVILYa – BARSeLONA (10 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)
«Sevilya» so‘nggi yillarda umuman o‘ziga kela olmayotgan, «Barselona»ni La Liga doirasida salkam o‘n yildan beri mag‘lub eta olmayotgan bo‘lsa-da, bu jamoalar afishasi doim kishini o‘ziga jalb qiladi, baribir nimadir sodir bo‘lishi mumkinligiga doir kutilmalar bo‘ladi. Ayniqsa, «Sevilya» maydonining o‘ziga xos aurasi, ayniqsa, top-klublar uchun noqulayligi bilan ham tanilgan. Turnir nuqtai nazaridan biror maqsadi qolgan klub esa aynan mana shunday o‘yinlarda bor imkoniyatini ishga solish orqali butun Yevropani o‘ziga qaratadi, muxlislarga kerakli emotsiyalarni taqdim etadi. So‘nggi yillarda «Sevilya» aynan mana shunday alohida o‘yinlar uchun yashayotgandek.
Birinchi davradagi o‘yin «Barselona»ning 5:1 hisobidagi g‘alabasi bilan tugagan bo‘lsa-da, aynan uy o‘yinlarida yuqorida aytilganidek «Sevilya» munosib qarshilik ko‘rsata oladi. Masalan, o‘tgan mavsumdagi o‘yin mehmonlarning kichik hisobidagi g‘alabasi bilan tugagan, ammo o‘yinda ustunlik «Sevilya» tomonida bo‘lgandi. Yoki misol uchun «Sevilya»ning «Atletiko»ga qarshi ushbu mavsumdagi o‘yini ham ko‘pchilikning yodidan chiqmaydi – uchrashuvda andaluslar safarda to‘p surganiga qaramasdan, 3:1 hisobida oldinda borishgan, faqat hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtdagi gol hisobiga mezbonlar 4:3 hisobida g‘alabani ilib ketgandi.
«Barselona»ga kelsak, oradagi bir omadsizlikdan so‘ng yana g‘alabali yo‘lga tushib oldi. Jamoa qatorasiga 10 uchrashuvdan beri mag‘lubiyatga uchragani yo‘q, yana jula ko‘p gol uryapti, mana shu 10 o‘yinning yarmida yirik hisobda g‘alaba qozondi, to‘rt marta 5+ gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Barcha musobaqalardagi so‘nggi 5 o‘yinda 20 marta raqib darvozasi ishg‘ol qilindi. Hozirda Flik shogirdlari «Real»dan 4, «Atletiko»dan 3 ochko ortda borishyapti. Bu turda ikki peshqadam o‘zaro bahslashini inobatga olsak, «Barselona»da ulardan biriga, balki ikkalasiga ham yaqinlashib olish imkoniyati bor.
Umuman olganda aslida «Barselona» La Ligada eng yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgani ham statistik ko‘rsatkichlar ham ko‘rsatib turibdi. Agar yaratilgan va raqibga berilgan imkoniyatlar bo‘yicha o‘lchanganda, «Barselona» yetarlicha farq bilan yaqqol peshqadam bo‘lib turganini ta’kidlash lozim. Faqat jamoada realizatsiya bo‘yicha muammolar bor, aynan mana shu faktor hozirda «Barselona» peshqadam emas, 3-o‘rinda turganini ifodalaydi.
Jarohatlar borasida, «Barselona» tarkibiga yaqin kunlarda Kristiansenning tiklanib qaytishi kutilmoqda. Gavining jarohati oy oxirigacha davom etadi, katta ehtimol u Chempionlar Ligasi muhim o‘yinlariga qadar to‘liq tiklansa kerak. Mezbonlar tarkibida esa Adams, Lokonga, Karmona, hamda Kuassilar turli darajadagi jarohatlar tufayli ushbu uchrashuvda qatnasha olmaydi.
BOShQA O‘YINLAR
8 fevral. Verona – ATALANTA (19:00), BORUSSIYa D – Shtutgart (19:30), Empoli – MILAN (22:00), Birminhem – NYuKASL (22:45)
9 fevral. Plimut – LIVeRPUL (20:00), ASTON VILLA – TOTTeNHEM (22:35), NAPOLI – Udineze (10 fevralga o‘tar kechasi, 00:45).
Mavzuga oid

16:39 / 27.04.2025
«Real»dan nihoyat munosib qarshilik. Anchelotti o‘yinni qanday o‘zgartirdi?

19:27 / 26.04.2025
Klasiko intrigalari. «Barsa»da ham bo‘sh nuqtalar bor, «Real» esa hakamlarga jiddiy bosim uyushtirdi

10:54 / 24.04.2025
Guler «Real»ni poygada qoldirdi, «Inter» derbida yirik hisobda yutqazdi. Kun o‘yinlari

12:04 / 21.04.2025