O‘zbekiston | 15:30 / 02.11.2017
10637
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Aripov Qirg‘iziston hukumat raisi bilan uchrashdi

Foto: Qirg‘iziston bosh vaziri matbuot xizmati

2-3 noyabr kunlar Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejashtirilgan MDH a'zo davlatlar hukumat raislari Kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun yetib kelgan Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Sapar Isaqov o‘zbekistonlik hamkasbi Abdulla Aripov bilan uchrashdi. Qirg‘izistonlik vazir Abdulla Aripovga mehmondo‘stlik va yuqori darajada tashkil etilayotgan qabul uchun tashakkurligini bildirgan.

«Biz hamkorlikning qog‘ozda emas, amalda rivojlanayotganini kuzatmoqdamiz. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Qirg‘izistonga tarixiy tashrifi 25 yil davomida yechilmay qolgan savollarni muhokama etishga imkon berdi. Shuningdek, hukumatlararo ikkitomonlama aloqalarni rivojlantirish sharoiti paydo bo‘ldi», degan Isaqov.

O‘z o‘rnida Abdulla Aripov joriy yilning 9 oyi mobaynida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 193 million AQSh dollarini tashkil etgani, kelgusida ushbu ko‘rsatkichni yiliga 500 million AQSh dollariga yetkazish rejada borligini bildirdi.

Bundan tashqari, hukumat rahbarlari «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘l transport yo‘lagi ustida olib borilayotgan ishlarni muhokama etdi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida tuzilgan delimitatsiya va demarkatsiya masalalari bo‘yicha ishchi guruhning faoliyatiga baho berildi.

Uchrashuv so‘ngida, ikki mamlakat Bosh vazirlari o‘zaro hamkorlik shartlarini kelishib olib, har ikki yurtda Madaniyat kunlarini tashkil etishni bildirdi. Yig‘ilishda Abdulla Aripov hukumat raislari boshchiligida O‘zbekistonga chegaradosh viloyat rahbarlarining birinchi yig‘ilishini o‘tkazishni taklif qildi.

Mavzuga oid