Sport | 22:40 / 03.11.2017
6376
2 daqiqa o‘qiladi

Ferrari jamoasi “Formula 1” poygalaridan ketishi mumkin

Foto: Reuters

Ferrari jamoasi agar “Formula 1” poygalarining yangi qoidalari kompaniya manfaatlariga zid kelsa, poygalarni 2020 yildan keyin tark etishi mumkin. Bu haqda 3 noyabrda kompaniya prezidenti Serjio Markionne ma'lum qildi.

“Formula 1”ning egasi, AQShning Liberty Media korporatsiyasi 31 oktabrda poyga mashinalarining dvigatellariga yangi talablar taqdim qildi. 7 noyabrda Liberty Media chempionatdagi jamoalar bilan amaldagi shartnoma muddati tugagandan keyin 2021 yildan kuchga kiradigan boshqa o‘zgarishlarni ham ma'lum qiladi.

Markionne esa taqdim qilingan o‘zgarishlardan norozilik bildirgan va uning fikricha, Ferrari va Liberty Media o‘rtasida strategik rivojlanish  bo‘yicha qarashlar mos emasligini aytgan.

“Formula 1” paydo bo‘lganimizdan beri DNKmiz bo‘lgan. Biroq shuni anglash kerakki, agar brendni qo‘llab-quvvatlash va Ferrari mavqeini mustahkamlash uchun sharoitlar bo‘lmasa, biz poygalarda ishtirok etmaymiz”, deb aytgan Markionne.

Markionne Ferrari’ni poygadan olib chiqqan boshqaruvchi sifatida o‘zini qanday his qilishi haqidagi savolga “Million dollarga, chunki men muqobil strategiya ustida ishlayman”, deb javob qilgan.

Uning aytishicha, Liberty Media vakillari bilan 7 noyabrdagi uchrashuvdan avval yakuniy xulosalar qilinmaydi.

Avvalroq yangi tartib-qoidalar yuzasidan o‘z xavotirlarini Mercedes va Renault jamoalari ham bildirgandi.

Ferrari “Formula 1”ning 1950 yildagi ilk chempionatidan beri unda ishtirok etib kelayotgan yagona jamoadir. U poygalardagi eng muvaffaqiyatli jamoa hisoblanadi: jamoa poygachilari 228 marta g‘alaba qozonishgan va bu rekord hisoblanadi.  

Mavzuga oid