O‘zbekiston | 14:00 / 06.11.2017
54948
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Jizzaxda Sharof Rashidov haykali ochilishi marosimida ishtirok etdi

Arxiv foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 6 noyabr kuni Jizzaxda atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar o‘tkazildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jizzaxga bordi.

Shu kuni shaharda Sharof Rashidovga qo‘yilgan haykalning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: president.uz

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a'zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, adabiyot va san'at namoyandalari, viloyat ahli, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan yurtdoshlarimiz, chet ellik mehmonlar ishtirok etdi. Sharof Rashidovning farzandlari, do‘stlari, hamkasblari, shogirdlari va boshqa yaqinlari qatnashdi.
 
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

O‘zA xabariga ko‘ra, davlat rahbari Sharof Rashidovning o‘zbek xalqi manfaatlari yo‘lidagi ulkan xizmatlari haqida so‘zlagan.

Sharof Rashidov oddiy xalq orasidan chiqqani, noyob aql-zakovati, mehnatsevarligi va kamtarligi bilan katta obro‘-e'tibor qozongani, xalqimizga sadoqat bilan halol xizmat qilganini ta'kidladi.

Sharof Rashidov umr bo‘yi o‘z xalqiga, barcha sof niyatli insonlarga yaxshilik qilib, ularni ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashtirib, ezgu ishlarga safarbar etib yashadi, deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev. Bu olijanob, donishmand va bag‘rikeng inson, qanday suronli sinovlarga duch kelgan bo‘lmasin, yuksak gumanistik g‘oyalarga doimo sodiq bo‘lib, xalqimiz qalbida yaxshi nom, so‘nmas xotira qoldirdi.

Sharof Rashidov respublika rahbari sifatida zimmasidagi ulkan vazifalarga qaramasdan, o‘zi butun borlig‘i bilan sevgan adabiyotga hamisha sodiq qoldi. U o‘zining betakror iste'dodi bilan ezgu qadriyatlarni tarannum etgan roman va qissalar, she'r va dostonlar, publitsistik maqolalar yaratdi, dedi Prezident.

Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Oqil Salimov, mehnat faxriysi Ismoil Jo‘rabekov, uchuvchi-kosmonavt Vladimir Jonibekov, mehnat faxriysi Qallibek Kamalov, Sharof Rashidovning qizi, akademik Sayyora Rashidova va boshqalar Sharof Rashidov bilan bog‘liq xotiralari, u kishining hayoti va faoliyati haqida so‘zladi.

Sharof Rashidov haykalini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sharof Rashidovning qizi Sayyora Rashidova ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

Sharof Rashidov haykali poyiga gullar qo‘yildi. 

Mavzuga oid