Jahon | 09:07 / 06.11.2017
16298
4 daqiqa o‘qiladi

Jahon siyosatchilarining ofshor faoliyati haqida ma'lumotlar e'lon qilindi

Foto: EPA/WILL OLIVER

Jorj Sorosning fondlaridan biri tomonidan qisman moliyalashtiriladigan Xalqaro jurnalistik surishtiruvlar konsorsiumi (ICIJ) qator xalqaro ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda dunyodagi ofshor kompaniyalar faoliyati to‘g‘risida yakshanba kuni materiallar e'lon qildi. Ularda 120 nafar siyosatchi, jumladan Kanada bosh vaziri, Donald Tramp ma'muriyati a'zolari, Yelizaveta II xonadoni, shuningdek, Apple va Uber kompaniyalari ham tilga olingan.

Paradise Papers nomini olgan materiallarni tanlashda taxminan 13,4 mln. hujjat qamrab olindi. Ular orasida Bermud orollarida ro‘yxatdan o‘tgan hamda 50 yildan oshiqroq davrni o‘zida aks ettiruvchi hujjatlarga ega Appleby yuridik kompaniyasi ham bor.

Konsortsium ma'lumotlariga ko‘ra, hujjatlar bir qator siyosatchilar va jahon yetakchilari, jumladan, Britaniya qirollik xonadoni, AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati a'zolari, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoga yaqin bo‘lgan shaxslar, shuningdek, Apple, Nike hamda Uber kabi yirik kompaniyalarning ofshor manfaatlarini ochib bergan.

Xalqaro jurnalistik surishtiruvlar konsorsiumi’ga kiruvchi Germaniyaning Süddeutsche Zeitung gazetasi yakshanba kuni o‘z saytida Paradise Papers hujjatlaridan ba'zi ko‘chirmalarni e'lon qildi.

Nashrning yozishicha, unda hajmi 1,4 TB bo‘lgan 13,4 mln. hujjat bor. Ma'lumotlar manbasi - Appleby hamda Asiaciti Trust nomi ostida ofshor xizmatlarini taqdim etuvchi kompaniyalar. Ma'lumot sizib chiqishiga aynan kim mas'ul ekani, shuningdek, ular konsorsiumga qachon taqdim etilgani noma'lum.

Hujjatlarda Germaniyaning bir qator yirik korxonalari ham tilga olingan. Xususan, ular orasida Sixt mashinalarni ijaraga berish servisi, die Deutsche Post pochta konserni, Siemens elektrotexnika giganti, Bayer farmatsevtika kompaniyasi, Deutsche Bank bank birlashmasi bor. Maqolada ular ofshorlarga qay darajada aloqador ekani ko‘rsatilmagan.

Süddeutsche Zeitung’ning yozishicha, hujjatlarda taxminan ming nafar nemis fuqarolarining ismi ham bor. Ular orasida milliarderlar Kurt Engelhorn (2013 yilda vafot etgan), Paul Hauzelman, shuningdek, mamlakat sobiq kansleri Gerhard Shryoder borligi aytiladi.

"Bi-bi-si" korporatsiyasining yakshanba kuni tarqatgan xabariga ko‘ra esa, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ofshorlarga qariyb 10 mln. funt sterling sarmoya kiritgan. 

Ta'kidlanishicha, investitsiya qilingan pul mablag‘lari Britaniya qirolichasiga tegishli. Ular 2004 va 2005 yillar oralig‘idagi davrda Kayman hamda Bermud orollarida ro‘yxatdan o‘tgan jamg‘armalarga yo‘naltirilgan. Gap Yelizaveta II'ning o‘ziga tegishli bo‘lgan Lankaster hertsogligi (The Duchy of Lancaster) tufayli ishlab topgan pullari haqida ketmoqda. U yerda qiymati yarim milliard funtdan oshiqroq bo‘lgan ko‘chmas mulklar bor. "Bi-bi-si"ning ta'kidlashicha, bu amaliyotlarda "noqonuniy hech narsa yo‘q, biroq qirolicha ofshorlarga investitsiya kiritishiga doir masala ko‘tarilishi mumkin".

"Bizning investitsion strategiya sarmoyaviy maslahatchilar tavsiyalariga asoslangan. Hertsoglik mablag‘larni faqatgina juda nufuzli investitsiya jamg‘armalariga yo‘naltirdi, hamda bunda bizning investitsion maslahatchilarimiz tavsiyalaridan foydalandi", - deya The Duchy of Lancaster moliyaviy xizmati direktori Kris Edkokning so‘zlarini keltiradi korporatsiya.

Eslatib o‘tamiz, Vashingtonda joylashgan ICIJ avval ham “Panama hujjatlari” deb nomlangan maxsus ma'lumotlarni e'lon qilgandi. Ularda qator amaldagi va sobiq jahon siyosatchilarining ofshor hisob raqamlari haqida so‘z yuritiladi. Keyinchalik WikiLeaks portali “Panama hujjatlari”ning e'lon qilinishi AQSh xalqaro rivojlanish bo‘yicha Agentligi va Jorj Soros tomonidan moliyalashtirilganini xabar berdi. Uning maqsadi sifatida esa Rossiya va sobiq Sovetlar Ittifoqi tilga olinadi.

Mavzuga oid