Jamiyat | 15:00 / 07.11.2017
124665
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda go‘sht narxining ko‘tarilib ketishiga nima sabab bo‘ldi?

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va Bank-moliya akademiyasi hamkorligida «Investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash — O‘zbekistonda jadal iqtisodiy o‘sishni ta'minlashning muhim sharti» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar qilgan.

Tadbirda o‘z ma'ruzasi bilan ishtirok etgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti doktoranti Muhiddin Yusupov bozorlarda go‘sht narxining ko‘tarilib ketishiga ta'sir ko‘rsatgan sabablar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Ko‘rib turibsizlar, lahm go‘shtning narxi 40 ming so‘mgacha, suyaklisi esa 34 minggacha ko‘tarilib ketdi. Bu masala juda ham ko‘p muhokama qilinmoqda. Nega shunday holat yuz berdi? Birinchi navbatda, bizda ozuqa ekin maydonlari 40 foizga kamayib ketgan - 2005 yilga nisbatan 2016 yilga kelib. Sobiq Ittifoq davrida, 1990 yilda jami ekin maydonlarining 24,8 foiziga ozuqa ekinlari ekilgan ekan. Hozir, shu kecha-kunduzda esa 9 foizga ham yetmaydi. Ikkinchidan, bizda go‘sht, sut yetishtirishni dehqon xo‘jaliklariga berib qo‘ydik. Shularning o‘zi barcha mahsulotning 95 foizini beryapti. Lekin shu 95 foizni berayotgan shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun shu paytgacha nimalar qildik, degan savolni ham o‘rtaga tashlash kerak. Ularni na yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta'minlaymiz, na bir o‘g‘it ta'minlash bor, na ularning tuzukroq chorva yetishtirishi uchun yer ajratib berish masalasini ham hal qilib berayotganimiz yo‘q”, - degan Muhiddin Yusupov.

Mavzuga oid