O‘zbekiston | 18:40 / 12.11.2017
28167
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Nimalar o‘zgardi, qanday natijalar qo‘lga kiritildi?  

10-11 noyabr kuni Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» nomli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Afg‘oniston va Eron Tashqi ishlar vaziri, Pokiston Bosh vaziri Xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, AQSh prezidenti yordamchisining Xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Yevroittifoq Tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha oliy vakili hamda turli davlatlardan 500ga yaqin soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Konferentsiya nima haqda va nima uchun o‘tkazildi? Unda nimalar muhokama etilib, qanday natijalar qo‘lga kiritildi? Ushbu savollarga javob berish maqsadida, Kun.uz nigohidagi tahlil havola etiladi.

Ta'kidlash joizki, konferensiya Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun platforma vazifasini bajardi. Unda «Markaziy Osiyo va Yevroittifoq» ko‘rinishidagi Tashqi ishlar vazirlarining an'anaviy yig‘ilishi ham o‘tkazilgan. Shuningdek, turli davlat vakillari ikkitomonlama o‘zaro muloqotga kirishdi.

O‘zbekiston konferensiyani uyushtirish orqali nimani anglatmoqchi?

Avvalo, unda prezidentning nutqiga diqqat bilan e'tibor qilish lozim. Shavkat Mirziyoyev «BMT mutaxassislarining ma'lumotiga ko‘ra, so‘ngi 10 yil ichida mintaqa YaIM ikki barobar» oshishi mumkinligini aytib, savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlantirish har qachongidan ham dolzarb ekanini bildirdi. Prezident Markaziy Osiyoda transport-logistika yo‘nalishida amalga oshirilayotgan va bajarilgan bir nechta loyihalarga to‘xtalib, chegara va bojxona sohasida yaqindan hamkorlik zarurligini e'tirof etgan. Shu o‘rinda, mintaqa xavfsizligi oldida yakka harakatlanish samarasiz ekani aytilib, kuchlarni bir joyga jamlash maqsadga muvofiqligi bildirildi.

Shuningdek, konferensiya o‘zida ikkita xarakterni aniq ifoda etib turdi: 1) O‘zbekiston mintaqada hamkorlik yuzasidan islohotlarga tayyor va qo‘llab-quvvatlaydi; 2) O‘zbekiston xorijiy sheriklar bilan ishlashga va sarmoyalarni jalb qilishga qulay sharoitlarni yaratadi.

10 noyabr kuni Xitoydan Finlyandiya tomon jo‘nab ketgan ilk yuk poyezdi dengiz orqali yuk tashuvda sarflanadigan 30 kun muddatni tejashga imkon beradi. Poyezd Qozog‘iston orqali Rossiyaga o‘tib, keyinroq Finlyandiyaga yetib boradi. Bu esa majoziy ma'noda Buyuk Ipak yo‘lining shimoliy tarmog‘iga qiyos bo‘la oladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham aynan O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir va avtomagistral yo‘liga urg‘u berib o‘tdi. Uning aytishicha, transport infratuzilmasini yaxshilash o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshishiga ta'sir ko‘rsatadi.

Yevroittifoq bilan munosabatlarda nima o‘zgaradi?

Konferentsiyaning bir qismida «Markaziy Osiyo va Yevroittifoq» ko‘rinishidagi Tashqi ishlar vazirlarining an'anaviy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida yevropaliklar mintaqa mamlakatlari qisqa muddatda ulkan yutuqlarga erishayotgani, eng asosiysi ijobiy islohotlarga yuz burayotganini e'tirof qildi.

Shunga ko‘ra, mintaqa va Yevroittifoq o‘rtasidagi hamkorlik strategiyasi kelgusi 18 oyda ishlab chiqish rejasi kelishib olindi. Shuningdek, joriy yilning 7 dekabr kuni Bryussel shahrida «Markaziy Osiyo va Yevroittifoq» ko‘rinishidagi Adliya vazirlarining yig‘ilishi o‘tkazilishi e'lon qilindi.

Markaziy Osiyo beshta davlat Tashqi ishlar vazirlari Ittifoqning 2020 yilga qadar mintaqadagi loyiha va dasturlarini muvaffaqiyatli davom ettirish uchun 1 milliard yevro ajratishini ma'qulladi.

Ittifoq mintaqa xavfsizligi va barqarorligini saqlab qolish, Afg‘onistonda tinchlikka erishish uchun malaka mutaxassislar guruhini muayyan loyihalarga jalb etishini bildirdi. Shuning bilan kelgusi uchrashuv 2018 yil Bryusselda o‘tkazilishi e'lon qilindi.

Mavzuga oid