Saralanmagan chempionlar
Deyarli har turnir oldidan favoritlar haqida turli fikrlar yangraydi, tahlil qilinadi. Mana shunday doimiy favoritlar sirasiga kiradigan bir qator jamoalarning hammani hayron qoldirib, saralashdayoq qoqilganini ko‘p kuzatganmiz. Bunday voqealar butun dunyoning nazariga tushib, katta voqelikni o‘zida aks ettirsa-da, aslida teskarisi, biz yanada kattaroq voqelikdan quruq qolganimizni ham ifodalaydi – bu jamoalarning mundialdagi ishtirokidan...
Keling, tarixga safar qilib, mana shunday omadsiz jamoalar haqida eslab o‘tamiz. Yaqinroq tarix olinganining ham sababi bor, chunki undan oldinroq final bosqichidagi terma jamoalar soni ancha kam bo‘lardi. Ikkinchidan, eski davrlardagi yetakchi terma jamoalar butunlay boshqacha bo‘lgan. O‘tgan asr o‘rtalarida yetakchi bo‘lgan Vengriya, Yugoslaviya, Chexoslovakiya, Sobiq Ittifoq, Polsha kabi terma jamoalar hozir u qadar kuchli emas, yoki bo‘linib ketgan. Shuning uchun aynan top terma jamoalar barqaror bo‘lib kelgan davr haqida fikr yuritdik.
JCh-90 FRANTsIYa
80-yillarda dunyoning eng yaxshi terma jamoalaridan biri bo‘lgan fransuzlarning Italiya mundialidan chetda qolishlari ko‘pchilikni hayron qoldirmagan bo‘lishi mumkin, chunki Fransiya Yevro-88 saralashida ham muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Yevropa chempionining keyingi Yevro final bosqichiga bora olmasligi tarixda ilk bor kuzatilgandi o‘shanda.
Ammo rahbariyat bu muvaffaqiyatsizlikka o‘z vaqtida reaksiya bermadi, natijada Anri Mishel boshchiligidagi terma jamoa JCh-90 saralash o‘yinlarini ham yomon boshladi. Ana shundagina jamoaga yangi bosh murabbiy Mishel Platini olib kelingan bo‘lsa-da, sobiq futbol yulduzi Fransiyani qutqarib qola olmadi.
JCh-94. ANGLIYa
Italiyadagi mundialda yarim finalgacha borgan va bo‘lajak chempionlardan faqat penaltilar seriyasidagina mag‘lubiyatga uchragan inglizlardan AQShda ko‘p narsa kutishgani tabiiy.
Ammo Grem Taylor boshqargan Angliya terma jamoasi Norvegiya, Niderlandiya, Polsha va Turkiya kabi terma jamoalar ham joylashgan guruhda 3-o‘rinni egalladi xolos. Polsha va Turkiyaning u paytlarda u qadar kuchli bo‘lmaganini e'tiborga olsak, asosiy kurash gollandlar va inglizlar o‘rtasida kechishi taxmin qilingandi. Ammo kutilmaganda Norvegiya terma jamoasi juda kuchli o‘yinlar ko‘rsatdi va Angliyadan ham, Niderlandiyadan ham mag‘lubiyatga uchramay, guruhni yagona peshqadam sifatida yakunladi.
Angliya esa, hal qiluvchi bahsda Kuman va Bergkampning gollari tufayli Niderlandiyaga 0:2 hisobida yutqazgandi.
Ikki yildan keyin o‘z maydonlarida Yevropa chempionatini qabul qiladigan inglizlar uchun bu juda og‘ir zarba bo‘lgan edi.
JCh-94 FRANTsIYa
Yevro-92 dagi omadsizlikdan keyin Mishel Platini o‘z o‘rnini yordamchisi Jyerar Ulega bo‘shatib beradi. Yangi murabbiyga terma jamoani AQShda 1994 yilda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yiladi.
Bir qaraganda, fransuzlar yo‘llanmaga juda yaqin kelgandilar – so‘nggi ikki tur oldidan Isroil va Bolgariya terma jamoalari bilan o‘z maydonida o‘ynab, bu o‘yinlardan atigi 1 ochko olsalar kifoya edi. Ammo avvaliga Isroildan 2:3, keyin esa, yo‘llanma uchun asosiy raqibga aylangan Bolgariyadan 1:2 hisobidagi mag‘lubiyatlar Fransiyaning butun orzularini chippakka chiqaradi.
Bolgarlar g‘alaba golini so‘nggi daqiqalarda kiritgandilar, ya'ni Fransiya mundialdan bir necha soniya masofada qolgandi xolos.
JCh-2002. NIDeRLANDIYa
Esingizda bo‘lsa, o‘sha saralash o‘yinlarida Niderlandiya terma jamoasini alohida kuzatganmiz. Sababi, pley-off o‘yinlariga chiqa olgan Osiyo vakili u yerda aynan Yevropa a'zosiga qarshi o‘ynashi belgilab qo‘yilgan, so‘nggi turlarda esa, Niderlandiya, Portugaliya va Irlandiya terma jamoalari ishtirok etgan guruh vakili osiyoliklarga raqib bo‘lishi ma'lum bo‘lib ulgurgandi. O‘z navbatida, O‘zbekiston ham pley-off uchun kurashayotgani bois, gollandlarning Toshkentga kelishidan umid ham qilganmiz.
Ammo O‘zbekiston ham, Niderlandiya ham pley-offga chiqa olmadi. So‘nggi turlarda Lui van Gaal jamoasi Irlandiyaga mag‘lubiyatga uchradi va ularni 2-o‘ringa o‘tkazib yubordi.
O‘sha davr uchun so‘nggi Yevro va JCh yarim finalchilari JCh-2002 final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kirita olmadilar. Lui van Gaal o‘z vazifasidan ozod qilindi.
JCh-2018 NIDeRLANDIYa
So‘nggi ikki jahon chempionatida Niderlandiya juda muvaffaqiyatli qatnashgan va final hamda yarim finalgacha yetib borishga erishgan. Ammo bu muvaffaqiyatsizlikni u qadar shov-shuvga aylantirish ham noo‘rin, chunki, mundiallar orasida bo‘lib o‘tayotgan Yevropa Chempionatlari gollandlardagi pasayishni sezdirib turardi.
Yevro-2016 saralashi undan ikki yil oldin Braziliyada qayd etilgan natijalar ko‘proq murabbiyning yutug‘i ekanini isbotlagan bo‘lsa, JCh-2018 saralashi Niderlandiya rostanam o‘rtamiyonalardan biriga aylanib qolganini isbotladi, go‘yo. Robben, Van Persi, Snayder kabi yulduzlarning yoshi o‘tgan, yangi futbolchilar esa, nari borsa, Angliya Premer Ligasidagi o‘rtamiyona klublarni “gullatayotgan edilar” xolos. Avvaliga Blind, keyin vaziyatni o‘nglash uchun chaqirilgan Dik Advokaat ishonchni oqlay olmadi.
JCh-2018. ITALIYa
Bu haqida bugun juda ko‘p yozilyapti, hali ko‘p yoziladi ham. Italiyalik futbolchilarning bugungi ahvoli haqida har qancha aytilmasin, bu jamoa so‘nggi 60 yilda mundialsiz qolmagan, demak, har qanaqasiga ham katta voqea sodir bo‘lganini tan olish lozim.
Ventura ham yashirib o‘tirmaganidek, italiyaliklar saralash guruhi boshidanoq, ularni pley-off kutib turganini his qilib turgan ekan. Chunki guruhda ancha kuchliroq Ispaniya terma jamoasi bor edi. Ularni xuddi avvalgi yevrodagidek aldab, taktika bilan yutish mumkindir, ammo uzoq masofali turnirlarda bu yanada qiyin. Buning ustiga terma jamoa boshida Antonio Konte emas, Ventura turgan edi.
Butun Italiya guruhdagi ispanlardan uchralgan mag‘lubiyat uchun emas, Shvetsiya darvozasiga 180 minut davomida birorta ham gol urilmagani uchun hisob so‘ramoqda. Bunisi rostan ham murabbiyning, ayniqsa, tarkib tanlashdagi xatolari bilan bog‘liq bo‘lib chiqdi. Oqibatda, biz ilgari hech qachon ko‘rmagan xodisani – Italiyasiz jahon chempionatini ko‘rish “sharafiga” ham muyassar bo‘lamiz.
Mavzuga oid
12:30 / 24.03.2019
«Yoshargan» Italiya. Finlyandiya bilan o‘yinda bir qator e'tiborli natijalar qayd etildi
09:20 / 24.03.2019
Yevro-2020 saralashi. Italiya birinchi turda oson g‘alabaga erishdi
10:00 / 18.11.2018
Italiya o‘z antirekordini yangiladi. Terma jamoa bazasini 5 futbolchi tark etdi
02:05 / 11.09.2018