Sport | 10:00 / 18.11.2018
13514
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya o‘z antirekordini yangiladi. Terma jamoa bazasini 5 futbolchi tark etdi

Italiya terma jamoasi kecha Millatlar ligasi doirasida Portugaliyaga qarshi kechgan bahsda golsiz durang qayd etdi (0:0). Natijada «skuadra adzurra» o‘z antirekordini yangiladi.

Gap shundaki, italiyaliklar o‘z maydonida o‘tkazgan oxirgi 6 ta bahsdan buyon g‘alaba qozona olmayapti. Ularning barchasi durang bilan yakun topgan. Jamoa Ukraina, Polsha, Niderlandiya va Makedoniya bilan uchrashuvlarda 1:1, Shvetsiyaga qarshi o‘yinda 0:0 hisobida durang o‘ynagandi.

Italiya termasi bosh murabbiyi Roberto Manchini Portugaliyaga qarshi bahsdan so‘ng jamoaning 5 nafar futbolchisiga javob berib yubordi. Ular 20 noyabr kuni AQSh bilan bo‘ladigan o‘rtoqlik bahsida ishtirok etmaydi.

Football Italia nashrining yozishicha, terma jamoa bazasini Jorjo Kellini, Alessandro Florentsi, Jorjino, Lorentso Insine va Chiro Immobile tark etgan.

«A» ligasining 3-guruhida yetakchi jamoa nomi ma'lum bo‘lib ulgurgan. 3 o‘yinda 7 ochko to‘plagan Portugaliya guruh g‘olibi sifatida pley-offga yo‘l oldi.  «Skuadra adzurra» esa 4 uchrashuvda 5 ochko to‘plab, ikkinchi pog‘onani band etdi. So‘nggi turda portugallar bilan kuch sinashadigan Polsha hisobida 1 ochko bor.

Seshanba kungi Italiya – AQSh bellashuviga Belgiyaning Genk shahri mezbonlik qiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid