Apple Watch "shaxsiy shifokor"ga aylandi
San-Frantsiskodagi Kaliforniya universiteti olimlari va Cardiogram startapining tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, Apple Watch soatlarining puls va qadam o‘lchagichlari yuqori qon bosimi va yurak sohasidagi kasallik belgilari bilan bog‘liq muammolarga aniq ishora qilmoqda. Wired shu haqidagi xabari bilan bo‘lishdi.
Bu Apple Watch'ning ko‘pchilik o‘ylagandan-da tez shaxsiy murabbiydan shaxsiy shifokorga aylanishi mumkinligini bildiradi. Shunisi diqqatga sazovorki, buning uchun qo‘shimcha datchik yoki sensorlarga hojat yo‘q.
Apple sentabr oyida Stenford universiteti bilan o‘z soatlarining aritmiyani aniqlashga yo‘naltirilgan tadqiqoti ustida ishlayotgani haqida ma'lum qilgandi. Apple'ga bog‘liq bo‘lmagan AQSh va Kanada olimlar guruhining olib borgan kuzatuvlari bunga tasdiqlovchi javobni bergandi. O‘tgan hafta esa Aetna sug‘urta kompaniyasi sog‘liqni saqlashga ketadigan xarajatlarini kamaytirish uchun o‘z bemorlariga Apple Watch soatlarini tarqatmoqchi ekanini ma'lum qildi.
Cardiogram Apple Watch kabi qurilmalardan yurak ritmini tahlil qiluvchi va uning faoliyatidagi turli buzilishlarga ishora qiluvchi ilovani ishlab chiqmoqda. Tadqiqotda 6 mingdan ziyod Apple Watch foydalanuvchisi ishtirok etdi. Kompaniya asoschilari Google'dagi ish tajribalarini (Android va Google Assistant uchun nutqdan taniy olish texnologiyasi) qo‘llashdi.
Muhandislar yurak ritmi chastotasi va qadamlar soni haqidagi ma'lumotlarni aniqlashda Google nutq tahlili uchun qo‘llovchi neyron tarmoqlarini moslashtirishdi. May oyida kompaniya DeepHeart nomini olgan tizim Apple Watch ma'lumotlaridan foydalanib, yurak sohasidagi kasallikni oldindan aytib bera olgandi. So‘nggi tadqiqotning ko‘rsatishicha, gipertoniyani 80 foizgacha va apnoeni 90 foizgacha aniqlik bilan prognoz qilish uchun bir haftalik ma'lumotlarning o‘zi yetarli.
Janubiy Kaliforniya universitetidagi Body Computing markazi ijrochi direktori va kardiolog Lesli Saksonning so‘zlariga ko‘ra, yurak ritmi va qadamlar sonini bilvosita aniqlash g‘oyasi katta sinovlarni talab qiladi.
"Tadqiqotda korrelyatsiya kuzatilmoqda va bu juda muhim, biroq uning tibbiyot uchun qadr-qimmati hali isbotlanmagan", - deydi u. Sakson Apple Watch'ning yurak haqidagi ma'lumotlari aniqligi insonning qurilmani qanday tutishiga qarab ham farqlanishini aytdi. Cardiogram muhandislari vaqt o‘tgach, aniqlik darajasi yanada oshishiga umid qilishmoqda: hozirda tadqiqotda 30 ming kishi ishtirok etmoqda.
Cardiogram FDA talablariga muvofiq kelish maqsadida o‘z ilovasi orqali tashxislarni taqdim etmoqchi emas. Tizim qandaydir salbiy o‘zgarishlarni aniqlagan holatda, foydalanuvchiga tibbiy ko‘rikdan o‘tish tavsiya qilinadi.
Mavzuga oid
16:41 / 08.10.2024
Apple aqlli soatlari kasallikni bir necha kun oldindan prognoz qila olishi ma’lum bo‘ldi
12:36 / 29.08.2024
Toshkent aeroportida 1,5 mlrd so‘mlik soatni noqonuniy olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
07:30 / 20.01.2024
Shvarsenegger soatini auksionda 270 ming yevroga sotdi
22:56 / 11.11.2022