Light | 16:40 / 15.11.2017
32625
5 daqiqa o‘qiladi

Sarguzashtlarga boy eng zo‘r 5 aeroport (fotojamlanma)

Aksariyat sayyohlar uchun aeroportlardagi tirbandliklar — ortiqcha noqulaylik va vaqt demak. Parvozlar orasidagi kutish soatlari — sabr sinovi: terminallarning sovuq binosini aylanish, dyuti-fridagi rastalarni ko‘zdan kechirish ko‘pchilikni tez toliqtiradi. Biroq dunyoda shunday aeroportlar borki, ularda bo‘lish yorqin va qiziqarli sayohatning bir qismiga aylanadi. "Tonkosti turizma" nashri ushbu aeroportlar haqidagi ma'lumotlar va suratlar bilan bo‘lishdi.

1. Changi, Singapur

Singapurdagi Changi aeroporti — haqiqiy ko‘ngilochar markaz. Reyslar orasida ikki soat bo‘sh vaqt bo‘lsa, bu yerda jonli tabiat olamiga sho‘ng‘ish mumkin. T1 terminali tomida Afrika va Amerikadan keltirilgan yuzlab turdagi kaktus va sukkulentlardan iborat ajoyib bog‘ yaratilgan. T2 terminalida kungaboqar va orxideyalar gullaydi, T3'da esa - kapalaklar olami. 

Changi restoranlarida Osiyo oshxonasi shedevrlari bilan mehmon qilishadi va choy marosimlarini o‘tkazishadi. Kinoteatrlar, o‘yin avtomatlari, suzish havzasi, spa-markaz, art-hudud - bu yerda zerikishga vaqt ham bo‘lmaydi, keyingi reys yoddan chiqmasa bo‘lgani. Eng yaxshi hordiq — 5,5 soatdan oshiq tanaffus qilishiga to‘g‘ri keluvchi yo‘lovchilar uchun Singapur bo‘ylab bepul turlar. T2 va T3 terminallaridan kuniga bir necha marta gidli avtobuslar yo‘lga chiqib, shaharning eng go‘zal nuqtalarida to‘xtaydi: Kichik Hindiston, Chayna-taun, Merlion parki va boshqalar. Buyuk Britaniyaning Business Traveller jurnali versiyasiga ko‘ra, Singapur aeroporti 27 yil ketma-ket dunyoning eng yaxshi aeroporti maqomini olgan.

"Kinetik yomg‘ir" installyatsiyasi: 1216 bronza tomchi samolyot, havo shari va hatto varrak kabi 16 shakl va naqshga aylanadi.

2. Inchxon, Seul

Janubiy Koreyaning asosiy aviaxabi — Inchxon aeroporti — Seuldan 70 kilometr naridagi tarqoq orollarda joylashgan. Bu yerda yo‘lovchilar uchun shisha va betonlar orasida manzarali bog‘lar, go‘zallik salonlari, do‘konlar, kinoteatrlar va muz saroyi bor. Shuningdek hunarmandchilik galereyasiga sayohatdan boshlanib, ajoyib milliy shou bilan tugallanuvchi koreys madaniyati bo‘ylab maxsus turga chiqish mumkin.

Eng sabrsizlar uchun 1 soatdan 5 soatgacha bo‘lgan ekskursiyalar tashkillashtirilgan: Budda ibodatxonalari, sirli g‘orlar va poytaxtning diqqatga sazovor maskanlarini ko‘zdan kechirish imkoni mavjud.

3. Narita, Tokio

Narita — Tokioning aksariyat xalqaro reyslari uchun xizmat qiluvchi ikki aeroportidan biri. Bu san'antsevarlarning sevimli maskaniga aylanishi shubhasiz: bu yerda to‘laqonli badiiy galereya va kabuki salon-do‘koni ochilgan, ko‘p sonli haykallar, vitrajlar, kartinalar va installyatsiyalar esa terminallar intereriga munosib uyg‘unlashgan. Aeroport atrofi bog‘lar, muzeylar, ibodatxonalar, autletlar va ko‘ngilochar markazlar bilan o‘ralgan, biroq 8 soatdan ortiq bo‘sh soat bo‘lsa, undan uzoqroqqa - Yaponiya poytaxtining asosiy javohirlari tomon yo‘l olish mumkin.

4. Otaturk, Istanbul

Otaturk — Turkiyaning eng katta, qulay va zamonaviy aeroporti, u yerda yo‘lovchilar uchun juda qulay launj-hudud, mehmonxona, do‘konlar va restoranlar mavjud. Istanbulning go‘zal maskanlari, Bosfor, Shahzodalar oroliga sayohat yo‘lovchilar orasida doimiy qiziqish uyg‘otib keladi. Bundan tashqari, Otaturkda badiiy galereyalar, Vizantiya monastiri, Grand-Bazar va rang-barang qahva uylariga tashrifni o‘z ichiga olgan mavzuiy dasturlar taklif qilinadi.

5. Hamad, Doha

Zamonaviy va texnologik Doha aeroporti 2014 yilda ochilgan. Bu yerda lyuks brendlar butiklari, restoranlar, o‘yin maydonlari, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish mumkin bo‘lgan fitnes-markaz va katta suzish havzasi mavjud.

Hamad tashqarisida esa boshqa mo‘'jizalar bo‘y ko‘rsatadi: "Qatar javohiri" elita dahasi, Islom san'ati muzeyi, Suq-Voqif bozori, Madaniy qishloq — bularning bari tranzit yo‘lovchilar uchun bepul Qatar vizasi bilan uch soatlik ekskursiya doirasida.

Mavzuga oid