Jamiyat | 21:30 / 17.11.2017
29747
3 daqiqa o‘qiladi

SOS: O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati bosmaxonasi binosiz qolishi mumkin

Markaziy Osiyoda yirikligi bo‘yicha Brayl yozuvida kitoblar va darsliklar chop etuvchi yagona bosmaxona duch kelgan muammo Toshkent shahar hokimiyatining noto‘g‘ri chiqargan qarori bilan bog‘liq. Shahar hokimining 2017 yil 3 mayda chiqargan 543-sonli qarori bilan ijtimoiy ahamiyatga molik tashkilotga tegishli binolari va hududi to‘lig‘icha Toshkent shahar IIBB 62-bo‘limiga berib yuborilgan. 

1949 yilda tashkil etilgan bosmaxonaning bosh muharriri Rixsivoy Abbosxonovning aytishicha, bosmaxona 1981 yildan beri shu binoda faoliyat yuritib keladi. Ammo Toshkent shahar hokimiyati Binolardan foydalanish departamenti yo‘l qo‘ygan xatolikni tuzatishni istamayapti. Dastavval kuch bilan bosmaxonaning birinchi korpusida qonuniy asosda ijarada turgan tadbirkorlar chiqarib yuborilgan bo‘lsa, endilikda, ichki ishlar bo‘limi tomonidan binoning o‘zlariga tegishli bo‘lmagan qismida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan ham chiqib ketishni talab qilishmoqda. Vaholanki, ular o‘zlariga ajratilgan binoning bir qismida ta'mirlash ishlarini olib borishganida, boshqa tadbirkorlar faoliyatini davom ettirishlari mumkinligi, bosmaxonaning boshqa binolariga, ularning faoliyatiga aralashmasliklarini va'da qilishgan. 

Lekin, amalda ish umuman boshqacha bo‘lmoqda. Ayni vaqtda Abbosxonov shahar hokimi qaroridagi tushunmovchilik tufayli bino batamom ShIIBB bo‘limiga o‘tib ketishidan, bosmaxona ko‘chaga quvilishidan xavotirda. 

U holda O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli 12 ta ko‘zi ojiz bolalar maktab internatida tahsil oluvchi 2 mingdan ortiq o‘quvchiga darsliklar yetkazib berish masalasi nima bo‘ladi. Chunki, shundog‘am ularni darsliklar bilan ta'minlash 50 foizni tashkil etmoqda, xolos. 

Afsuski, Rixsivoy Abbosxonov dodini hech kim eshitayotgani yo‘q. Eshitganlar esa, arzning mag‘zini chaqib ko‘rishni shunchaki istashmayapti yoxud ko‘z yumishmoqda. Aks holda apellyatsiya sudida ishtirok etgan prokuror qarorning noto‘g‘ri chiqarilganini qayd etgani holda yakunda sudyadan avvalgi sud qarorini o‘z kuchida qoldirishni so‘rarmidi?

Shu va qaror bilan bog‘liq boshqa tafsilotlar xususida Rixsivoy Abbosxonov KUN.UZ saytiga intervyu berdi. 

Mavzuga oid