Jahon | 13:26 / 04.10.2022
3976
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi bosmaxonalar sanksiyalar tufayli ishini to‘xtatishi mumkin

G‘arb davlatlarning yetkazib berish to‘xtatilgan uskunalari Rossiya bosmaxonalari quvvatining 90 foizini tashkil etgan.

Rossiya bosmaxonalari Ukrainaga bostirib kirish uchun kiritilgan sanksiyalar tufayli yetkazib berish to‘xtatilgan xorijiy uskunalar, ehtiyot qismlar va xomashyo yetishmasligiga duch kelmoqda. Bu haqda 4 oktyabr, seshanba kuni korxonalar top-menejyerlariga tayanib, «Vedomosti» gazetasi xabar berdi.

Rossiya bosmaxonalari jihozlarining 90 foizi Yevropa, Shimoliy Amerika va Yaponiya uskunalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Rossiyaga eng yirik eksportchilar Germaniya, Shveytsariya, Italiya, Kanada va Yaponiya bo‘lgan, dedi «Pareto-print» bosmaxonasi bosh direktori Pavel Arsenev «Vedomosti»ga.

Ba’zi kompaniyalar o‘z tashabbusi bilan shartnomalarni bekor qildi, boshqalari aprel oyida Yevropa ittifoqi tomonidan Rossiyaga bunday uskunalarni olib kirishni taqiqlovchi beshinchi sanksiyalar to‘plami kiritilganidan keyin Rossiya bosmaxonalari bilan hamkorlikni to‘xtatdi. «Eksmo-AST» nashriyot guruhi prezidenti Oleg Novikovning so‘zlariga ko‘ra, ishlatilayotgan uskunalar ham sanksiyalar ostida qolgan. 

Ba’zi turdagi asbob-uskunalar va ehtiyot qismlarni parallel import deb ataladigan yo‘l bilan yetkazib berish mumkin, dedi «Vysshaya Shkola» nashriyot uyi bosh direktori Roman Trunov «Vedomosti»ga. 

Biroq, bosma uskunalarning aksariyati uchun bu variant mos emas, dedi «Oktoprint servis» kompaniyasi vakili Larisa Danilova. «Har bir bosmaxonaning o‘z seriya raqami bor. Ko‘pgina butlovchi qismlar ular uchun o‘ziga xos bo‘lib, tegishli katalog raqamiga ham ega. Bu shuni anglatadiki, ishlab chiqaruvchi u oxir-oqibat Rossiyaga yuborilishini tushunib, yetkazib berishni taqiqlaydi», deb tushuntirdi u. 

«Hozircha birgina yo‘l bor – eski dastgohlarni demontaj qilish va eskirgan ehtiyot qismlardan, xuddi aviatsiyadagidek, foydalanish», – deydi Poligrafiya sanoati korxonalari uyushmasi boshqaruvi a’zosi Yelena Shitikova. Biroq, barcha turdagi ehtiyot qismlarni bu tarzda almashtirish mumkin emas, deya ogohlantirmoqda bozor ishtirokchilari. 

Ayrim bosmaxonalar Hindiston va Xitoydan yetkazib beruvchilar yordamida uskunalarni almashtirishga harakat qilmoqda, biroq ulardagi uskunalarning sifati G‘arbnikidan pastroq, dedi sanoat vakillari «Vedomosti»ga. Misol uchun, Xitoydan kelgan tikuv mashinalari past darajadagi avtomatlashtirishga ega, hind mashinalari esa Yevropadagidan ikki avlod kattaroqdir, deya tushuntirdi Arsenev. 

Bu, shuningdek, logistika qiyinchiliklari kitoblar narxining 20 foizga oshishiga olib keladi, deya ogohlantiradi «Rosmen» nashriyot uyi direktori Boris Kuznetsov. Yangi logistika ta’minoti allaqachon ehtiyot qismlar narxining ikki-uch baravar oshishiga olib keldi, yetkazib berish muddati esa bir necha kundan bir necha oygacha oshdi, deydi Arsenev. «Natijada, bosmaxonalardagi texnikalarning bir qismi bir muddat to‘xtab qolishi mumkin», dedi u. 

Muammoni yo davlatning imtiyozli kreditlari yordamida yoki hukumat tashabbusi bilan Hindiston va Xitoy bilan qo‘shma matbaa korxonalarini yo‘lga qo‘yish orqali hal qilish mumkin, deydi «Vedomosti» nashri bilan suhbatda bo‘lgan bozor ishtirokchilari. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid