Jamiyat | 07:57 / 21.11.2017
18725
4 daqiqa o‘qiladi

Ishxonadan chiqmay yoki O‘zAning tayyor “osh”iga sherik bo‘ladigan jurnalistlar davri o‘tdi...

Foto: Iqtisodiy Gazeta

“Taraqqiyot strategiyasi” Markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan yangi  «Iqtisodiy Gazeta» ijtimoiy-iqtisodiy gazetasining taqdimot marosimida ana shunday fikrlar bildirildi.

18 noyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Iqtisodiy Gazeta” ijtimoiy-iqtisodiy gazetasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Birinchi soni 5 ming nusxada chop etilgan ushbu nashrni 2018 yildan boshlab 30 – 35 ming nusxada chop etish ko‘zda tutilgan.

– Hozir yurtimizda milliy iqtisodiyot rivojlanib, tadbirkorlarning yangi qatlami shakllanayapti, – deydi gazeta bosh muharriri. – Ularga jahonda ro‘y berayotgan iqtisodiy o‘zgarishlar, yangiliklar haqida tezkor ma'lumotlar yetkazib berish nihoyatda muhimdir. Tan olishimiz kerak, bugun uy yoki ofisidan chiqmay xabar tayyorlaydigan jurnalistlar davri o‘tdi. Biz jurnalistlardan xalq orasida yurib, yutuqlar, ulkan natijalar bilan birga odamlar dardini eshitish va dolzarb masalalarni hal etishga hissa qo‘shish talab etilayapti. Mamlakatimizning «Xalq so‘zi», “Pravda Vostoka” “O‘zbekiston ovozi” singari otaxon nashrlaridan har qancha o‘rgansak arziydi. Ammo biz dunyo tan olgan Financial Times, Vedemosti, Kommersant' singari gazetalar darajasiga yetishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. Chunki bugun matbuot uchun yurtimizda keragicha sharoitlar yaratib berildi.

Bundan foydalanmasak, o‘quvchilarni gazeta o‘qimaslikda nohaq ayblab yuraversak, ba'zi nashrlarga o‘xshab 2-3 ming nusxada chiqaveramiz. Vaholanki, bugungi yangilanishlar davri barcha sohalar qatori milliy matbuotimizga ham o‘z salohiyati va iqtidorini namoyon etishga imkon berayapti.

Taqdimot marosimida “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi ijrochi direktori Akmal Burxanov kerak bo‘lsa ushbu gazetani haftada 2-3 marta chop etish lozimligini, chunki har kuni  biror muhim farmon va qarorlar qabul qilinayotganini qayd etib, ularning tub mohiyatini aholiga yetkazish juda katta ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.

Siyosiy sharhlovchi Quddus A'zam esa mamlakatimizda gazeta-jurnallar ko‘pligini, ammo yurtdoshlarimiz xohish-istagi va talabini qondirayotgan nashrlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligicha qolayotganini aytdi. “Jamiyat” gazetasi bosh muharriri Begzod Shukurov va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari Dilshod Shoumarovlar iqtisodiy sohaga ixtisoslashgan davlat tilidagi nashrga ehtiyoj sezilayotgan bir paytda “Iqtisodiy Gazeta”ning paydo bo‘lishi bugungi kunning talabi, –  dedilar.

“Mamlakatimizdagi o‘zgarishlarni butun dunyo juda katta qiziqish bilan kuzatayapti. Ayniqsa iqtisodiyotimizdagi o‘zgarishlarga bo‘lgan qiziqish nihoyatda baland. Shuning uchun ham  2019 yilda gazetaning rus va ingliz tilidagi nashrini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Umid qilamizki, gazetamiz iqtisodchilar, tadbirkorlar bilan hukumatimiz o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikka aylanadi”, – deya qo‘shimcha qildi bosh muharrir.

Yangi nashr Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham muxbirlik punktlarini ochmoqchi.

Foto: Iqtisodiy Gazeta
Mirodil Abdurahmonov

“Iqtisodiy Gazeta” ijtimoiy-iqtisodiy  gazetasi bosh muharriri haqida:

Mirodil Abdurahmonov Toshkent Davlat universitetini tamomlagan. 1981 yildan beri jurnalistika sohasida ishlaydi. Uzoq yillar “Mulkdor” iqtisodiy gazetasi va “XXI asr” ijtimoiy-siyosiy gazetalarida bosh muharrir vazifasida faoliyat olib borgan. “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

 

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid