Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Minus 10. Qonli Madrid derbisida «Barselona» g‘alaba qozondi
«Tribuna» Ispaniya primerasining 12-turidagi asosiy voqealarni eslab o‘tadi.
Nolli derbi va Grizmann manziliga hushtakbozlik

Ispaniya nashrlari turning markaziy uchrashuvi bo‘lishi kutilgan Madrid derbisi «Barselona» g‘alaba qilgani haqida bot-bot yozishmoqda. Buni inkor etish qiyin, Madriddagi golsiz durang tufayli (bu ikki jamoa o‘rtasidagi uchrashuvlarda 12 yildan buyon ilk marta qayd etilgan natija, «Atletiko» maydonida esa bunday hisob oxirgi bor 1993 yilda qayd etilgan) bu turda «Leganes» ustidan ishonchli g‘alabaga (3:0) erishgan «Barselona» turnir jadvalida Madrid jamoalarini 10 ochkoga ortda qoldirib ketishiga zamin yaratdi.
Poytaxt klublari kuchli tarkibga ega bo‘lsada, ularning bu mavsumdagi chempionlik uchun imkoniyatlari keskin pasayib ketdi. «Real» ilk bor Zidan boshchiligidagi o‘yinlarda safarda gol ura olmadi. 3 yildan buyon jamoani boshqarayotgan fransiyalik mutaxassis bu vaqt ichida La Liga doirasida 35 uchrashuvni safarda o‘tkazgan va hech qachon maydonni golsiz tark etmagandi.
«Real»ning «Vanda Metropolitano»da g‘alaba qozonishga bo‘lgan umidlari Serxio Ramosning burni kabi sindi, «Real» futbolchisi Teo Ernandesning ukasi Lukas Ernandes o‘z jamoasi jarima maydonida uning boshiga oyoqlari bilan tepib yubordi va sardorning yuzi qonga belandi. Natijada tanaffusda Zidan uni almashtirishga majbur bo‘ldi, endi u bugun YeChL doirasida «APOEL»ga qarshi o‘yinda maydonga maxsus niqob taqqan holda tushadi.

Bu vaziyat o‘yinning eng ko‘p muhokama qilingan epizodi bo‘ldi - «qaymoqranglilar» jamoasi futbolchilari Ernandesga jazo talab qilishdi, ammo hakam Fernandes Borbalan bu vaziyat qasddan sodir etilmagani, shu tufayli na penaltiga, na kartochkaga hojat borligini qat'iy ta'kidladi. «Real» tomoni esa o‘yin davomida hakam 3-4 marta «Atletiko» foydasiga qaror chiqarganini iddao etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa avvalgi derbida Ramos Ernandesning boshiga tirsagi bilan qanday urganini eslashdi.
Bu o‘yinda ikki jamoaning yetakchilari ham nursiz o‘yin ko‘rsatishdi. Antuann Grizmann sochini oldirgan bo‘lsada, uning o‘yini yana o‘xshamadi. Bu safargi golsiz o‘yin u uchun qatorasiga sakkizinchi o‘yin bo‘ldi va u maydonni muxlislarning norozilik hushtaklari ostida tark etdi.

Krishtianu Ronaldu esa chempionatda darvozalar tomon bergan zarbalari sonini 53taga yetkazdi, ammo bu zarbalardan faqat bittasi golga aylangan.

«Real» muxlislari qayg‘uga botgan: jamoa «Barselona»dan 10 ochko ortda qoldi, o‘zaro uchrashuvlar esa faqat ikki marta bo‘ladi.
«Valensiya» tarixga kirmoqda

«Barselona»ni ta'qib qilayotgan jamoa Madridda emas, Valensiyada. «Ko‘rshapalaklar» jamoasi har turda o‘zining rekordini yangilab bormoqda: chempionatdagi eng yaxshi start 3 marta yangilandi. «Espanol»ga qarshi o‘yindagi navbatdagi g‘alaba tarixiy yutuqqa aylandi. Bu jamoa hali o‘z tarixida hech qachon qatorasiga 8 o‘yinda g‘alaba qozonmagandi.
Marselino shogirdlari birinchi bo‘limda himoyalanishga majbur bo‘lishdi, maydon egalari Netu qo‘riqlayotgan darvoza tomon ko‘p bor xavfli hujumlar uyushtirishdi, ikki marta to‘p darvoza to‘sinidan qaytdi. Lekin ikkinchi bo‘limda mehmonlar ustunlikni qo‘lga olishdi, ikki bor darvoza ishg‘ol etildi. Kondogbiya va Santa Minaning gollari tufayli jamoa «Barselona»ni 4 ochkolik farq bilan quvishda davom etdi. Keyingi turning markaziy uchrashuvi aynan shu jamoalar ishtirokida bo‘lib o‘tadi. Bu o‘yin ko‘p narsani hal qilishi e'tibori bilan mavsum o‘yiniga aylanishi shubhasiz.

«Valensiya» bosh murabbiyi jamoasi g‘alabasi bilan tugagan bu o‘yinning ikkinchi qismini tribunada o‘tirib kuzatishga majbur bo‘ldi. U Kondogbiya urgan golgacha 5 daqiqa qolganida hakam bilan tortishgani uchun jazolangandi. Hakam u bilan birga o‘g‘li Serxio Garsiyani, jamoada jismoniy tayyorgarlikka mas'ul murabbiyni ham haydadi. O‘yin hakami Ernandes Ernandesning protokolda qayd etishicha, Serxio Garsiya uni so‘kib, «onasini haqoratlagan». Bu mojaro maydonda mehmonlar jamoasi futbolchisi jarohatlanib yiqilib yotganiga qaramay, o‘yin davom ettirilishi tufayli kelib chiqqandi. Murabbiylar hakamdan o‘yinni to‘xtatib, futbolchiga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoit yaratishni talab qilishgan.
Endi «Barselona»ga qarshi muhim o‘yinda ham Marselino tribunada o‘tiradi.
«Barselona» uchun «Lega» konstruktori

Madrid yaqinidagi hududdan bo‘lmish «Leganes» (yoki «Lega») La Liganing bu mavsumida yorqin o‘yinlar ko‘rsatmoqda. Aser Garitano boshchiligidagi bu jamoa turnir jadvali o‘rtasiga mustahkam joylashib oldi va ayni vaqtda yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi o‘rinlardan 2 ochkolik masofada. Ixchamgina «Butarke» (11 ming kishilik) stadioni mustahkam qal'aga o‘xshaydi. «Barselona»ga qarshi o‘yingacha jamoa o‘z maydonida kechgan 5 uchrashuvda 2 g‘alaba («Atletik» va «Alaves» ustidan 1:0 hisoblarida), 2 durang («Atletiko» va «Jirona» bilan 0:0 hisoblari) va bir mag‘lubiyat qayd etgandi («Xetafe»ga 1:2 hisobida imkoniyat boy berilgan). O‘yinlar asosan jamoa sardori Shimanovski orqali quriladi. «Men bu yerda ko‘p gapirmayman. Biz hamisha o‘z so‘zimizni maydonda aytamiz. Maydonga chiqamiz va istagancha gapiramiz. Axir bu bizning «Butarke!», degandi u.
Ammo o‘xshamadi – kataloniyaliklar «Xetafe»dan keyin «Butarke»da g‘alaba qozongan ikkinchi jamoaga aylandi. «Lega» «Barsa» uchun oson raqibga aylandi, ko‘k-anorranglilar himoyada u qadar ishonchli harakat qilmasada, maydon egalari futbolchilariga Ter Shtegen darvozasini ishg‘ol etish uchun mahorat yetishmadi.
Kataloniya jamoasi tarkibida nihoyat Luis Suares uyg‘ondi. Uning «quruq» seriyasi 478-daqiqada to‘xtadi – Pako Alkaser zarba berdi, maydon egalari darvozaboni Kuelyar zarbani qaytardi, ammo qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan urugvaylik futbolchi to‘pni darvozaga joyladi. Ikkinchi bo‘limda Suares dubl qayd etdi, u bu safar ham Alkaserning zarbasi qaytarilganidan keyin muvaffaqiyatga erishdi, o‘yindagi yakuniy hisob zaxiradan maydonga tushgan Paulino tomonidan o‘rnatildi. Braziliyalik bu futbolchi o‘z hisobidagi gollari sonini 4 taga yetkazdi. Bu «Real» hujumchilari Beyl (2), Benzema (1) va Ronaldu (1) birgalikda urgan gollar soniga teng.
«Barselona» «Leganes»ga qarshi o‘yinga juma kuni kechqurun yetib borgandi. Faqat Jyerar Pike oilaviy sabab bilan Madridda qoldi. Qolaversa, «Leganes»ga qarshi o‘yinda u sariq kartochkalari soni 5taga yetgani uchun «Valensiya»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.
Maskerano jarohatlangani va Pike diskvalifikatsiyaga uchragani tufayli Valverde keyingi o‘yinda Umtiti va Tomas Fermalen juftligidan foydalanishga majbur. Yoki u o‘rinbosarlar tarkibidan boshqa yosh futbolchini tarkibga qo‘shishi ham mumkin.
«Jirona» - «Real Sosedad» - 1:1 (0:1)
Gollar: Villian Joze, 7 (0:1). Stuani, 64 (1:1).
«Xetafe» - «Alaves» - 4:1 (2:0)
Gollar: Bergara, 6 (1:0). Xorxe Molina, 9 - penaltidan (2:0). Anxel, 53 (3:0). Anxel, 64 (4:0). Santos, 81 (4:1).
«Leganes» - «Barselona» - 0:3 (0:1)
Gollar: L.Suares, 28 (0:1). L.Suares, 60 (0:2). Paulino, 90 (0:3).
«Sevilya» - «Selta» - 2:1 (1:1)
Gollar: M.Gomes, 13 (0:1). Muriel, 36 (1:1). Nolito, 48 (2:1).
«Atletiko» - «Real» - 0:0
«Malaga» - «Deportivo» - 3:2 (1:1)
Gollar: Rosales, 15 (1:0). Lukas, 23 (1:1). Sher, 52 (1:2). Chori Kastro, 63 (2:2). Borxa Baston, 84 (3:2).
«Espanol» - «Valensiya» - 0:2 (0:0)
Gollar: Kondogbiya, 67 (0:1). Mina, 83 (0:2).
«Las-Palmas» - «Levante» - 0:2 (0:0)
Gollar: Dukure, 71 (0:1). Xason, 79 (0:2).
«Atletik» - «Vilyarreal» - 1:1 (0:1)
Gollar: Trigeros, 28 (0:1). Aduris, 77 (1:1).
«Eybar» - «Betis» - 5:0 (2:0, 3:0)
Gollar: 1:0 – 6, avtogol Amat, 2:0 – 30 Eskalante, 3:0 – 56, penalti Sharles, 4:0 – 71 Sharles, 5:0 – 80 Enrik.

Mavzuga oid
09:45 / 25.05.2025
«Bernabeu» Modrich va Anchelotti bilan xayrlashdi. «Real» fanatlari ko‘z yoshlarini tiya olmadi
20:38 / 22.05.2025
Modrich «Real»ni tark etadi
21:21 / 11.05.2025
«Barsa» 7 ta gol urilgan klasikoda g‘alaba qozonib, amalda chempionlik masalasini hal qildi
18:18 / 09.05.2025