O‘zbekiston | 10:20 / 21.11.2017
22983
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent avtobuslarida ham to‘lovlarni avtomatlashtirish boshlandi

Ilk marta Guliston shahrida sinovdan o‘tkazilgan avtobuslarga to‘lovlarni avtomatlashtirish loyihasi poytaxt Toshkentda ham joriy etildi.

«So‘nggi paytlarda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki jahon hamjamiyati tomonidan ham keng muhokama qilinmoqda. Dunyoning yirik shaharlarida aholiga qulaylik yaratish maqsadida birin-ketin shahar transport tarmog‘ida zamonaviy vositalar va xizmatlar joriy etilmoqda. Bularning ichida to‘lovlarni avtomatlashtirish masalasi o‘zining muhim va takrorlanmas ahamiyatiga ega.

Ko‘p yillik sinovlar, bir necha marotaba amalga oshirilgan pilot loyihalar, OAV hamda jamoatchilikning takroriy tanqidlari natijasi o‘laroq, Toshkent shahar yo‘lovchi tashish avtobuslarida ham qulay to‘lov tizimi joriy etilishi boshlandi», deya «Kun.uz»ga ma'lum qildi loyiha muallifi.

Mazkur ishlar metroga haq to‘lash va kirishning avtomatlashtirilgan kompleksini joriy etish loyihasining mantiqiy davomi bo‘lib, ulardan yagona to‘lov kartalari yordamida foydalaniladi. To‘lov tizimi Toshkentning Mustaqillik maydoni metro bekatida joriy etilib, 2 oydan ortiq muddatda sinovdan o‘tkazildi. Joriy etilgan innovatsion yechim va yaratilgan qulayliklar yo‘lovchilar tomonidan iliq kutib olindi va mutaxassislarning yuqori bahosiga sazovor bo‘ldi.

To‘lov kartalari uchun hozirgi kunda jahonda ommalashib borayotgan NFC texnologiyasi tanlangan bo‘lib, u o‘zining qulayligi, xavfsizligi va tezkorligi bilan to‘lov va obektlarga kirish yechimlarida keng qo‘llanilmoqda.Shuningdek, mazkur tizimda smartfon yordamida ham to‘lovlarni amalga oshirish imkoni yaratilgan.

Avtobuslarga to‘lovlarni avtomatlashtirish loyihasi ilk marta Guliston shahrida sinovdan o‘tkaziladi

Eng e'tiborlisi shundaki, tizim to‘liqligicha mahalliy ishlab chiqaruvchi «Mikroelektronika Plyus» MChJ tomonidan yaratildi. To‘lov tizimini loyihalashtirishda dunyoning eng rivojlangan davlatlari tajribasi va texnologiyaning so‘nggi yutuqlari va imkoniyatlaridan keng foydalanildi.

«Mikroelektronika Plyus» MChJ yo‘lovchi transport, xususan temir yo‘l sohasida avtomatlashtirilgan tizimlarni loyihalashtirish, yaratish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha 8 yildan ortiq tajribaga va ijobiy natijalarga ega mahalliy kompaniya hisoblanadi. Elektron qurilmalarni loyihalash, ishlab chiqarish va modernizatsiya qilish bo‘yicha ISO 9001:2008 sertifikatiga ega.

Mavzuga oid