O‘zbekiston | 20:50 / 23.11.2017
241487
7 daqiqa o‘qiladi

Yana direktorlar haqoratlandi. Bu safar Andijon

Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev yig‘ilishda shahardagi maktablar, kollejlar va akademik litseylar rahbarlarini so‘kib haqoratlagani, ayol direktorlarni tahqirlab yerga urgani ifodalangan audioyozuv KUN.UZ tahririyatiga yetib keldi.

Rahmatullayev rahbarligidagi ushbu yig‘ilish o‘tgan oyda, Andijondan Toshkent viloyatiga poyezd orqali minglab terimchilar olib kelinganidan keyingi kunlarda bo‘lib o‘tgan. Audioyozuvdan bilish mumkinki, shahar hokimi paxta terimiga belgilangan miqdorda terimchi jo‘nata olmagan direktorlarni birma-bir turg‘azib, yig‘ilganlar oldida turli qo‘pol so‘zlar bilan so‘kadi va haqoratlaydi.

27 daqiqalik audiofayl Rahmatullayevning tilga olib bo‘lmas so‘kinchli so‘zlari bilan to‘lib-toshgan.

«Hokimiyatning kuchini ko‘rsatib qo‘yaman senlarga. Bir joyimni qisib yuruvdim, ochig‘i. Boshqarma boshlig‘i bo‘lib ishlaganmanda, ona tovuqqa o‘xshab bularni yonimda olib yurovurganman. Bular boshqarmasi bilan yurovursin, boshqarmasini aytganini qilsin, desam bular boshqacha qildi. Qani, Ma'ruf kim bilan ishlaysan ekan. I***s, shu paytgacha sen demovdim. Hammangni bilaman». Bu uning Andijon tibbiyot kolleji direktori Ma'ruf Buvabekovni tahqirlash davomida aytgan eng yumshoq so‘zlaridir.

Asli o‘zi ham o‘qituvchi bo‘lgan, keyinroq 11 yil davomida Andijon viloyati xalq ta'limi boshqarmasida ishlagan Dilmurod Rahmatullayev 2016 yilda Andijon shahri hokimiga aylandi.

Bu hokim shu yilning avgustida KUN.UZ nashri bilan suhbatda muxbirning ta'lim sohasi xodimlari majburiy mehnatga jalb etilishi ko‘p yillardan beri kuzatilishi haqidagi savolga javob berarkan, yangi o‘quv yilida bunday salbiy holatlar takrorlanmasligiga va'da qilgandi.

Ammo u ham, o‘sha kunlarda u kabi va'da bergan boshqa hokimlar ham (Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro va Surxondaryo viloyatlari hokimlari shu jumladan) odamlarni aldagani ma'lum bo‘ldi, barcha hududlarda ta'lim sohasi xodimlari paxta terimiga jalb etildi.

Natijada hokimlarning va'dasini olib bergan OAV ham xalqning ishonchini yo‘qotdi.

Andijon hokimi talaba, o‘qituvchi va shifokorlarni paxta yig‘im-terimiga jalb qilishni jinoyat deb atadi

Quyidagi videokollajda Rahmatullayevning asl yuzi qanday ochilib borishini ko‘rish mumkin. Qayd etish kerakki, uning ovozi yozib olingan audio 15 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor vaqtida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xodimlariga qo‘pol munosabatda bo‘layotgan, ularga hatto qo‘l ko‘tarayotgan hokim va rahbarlarni qattiq tanqid qilganidan keyin tarqaldi.

Shavkat Mirziyoyev rahbar shaxslarning bunday xatti-harakatlari davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga qarshi chiqish deb baholanishini ta'kidlagandi.

«Agar rahbarlar namuna bo‘lmasa, ertaga biz odamlarni ergashtira olmaymiz. Afsuski, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, o‘z mas'uliyatini unutib, oyog‘i yerdan uzilgan, «Men rahbarman, nima qilsam ham, meniki to‘g‘ri», degan xato fikr bilan g‘o‘dayib yurgan ayrim odamlar ham yo‘q emas. Ularning o‘z xizmat vakolatini suiiste'mol qilib, qo‘l ostidagi xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘layotgani, haqoratlab, hatto qo‘l ko‘tarayotgani haqida ko‘plab ma'lumotlar kelib tushmoqda. Bu bizga umuman noma'qul narsa. Bu illatni yo‘q qilish kerak. Odamlar ko‘tarmaydi endi», degandi davlat rahbari. 

Prezident, bunday sharmandali holatlarni berilgan topshiriqlar yoki belgilangan rejani bajarish bilan bog‘lab o‘zini oqlamoqchi bo‘lganlarga, ish yuzasidan talabchanlik qilish boshqa, odamlarning shaxsiga tegish — butunlay boshqacha narsaligini uqtirgandi.

«Qo‘l ostidagi xodimlar sizga faqat ish yuzasidan bo‘ysunishi, qolgan masalalarda siz bilan teppa-teng huquq egasi ekanini aslo esingizdan chiqarmang! Mana shu gaplarni jamoatchilikka, hammaga yetkazishingizni iltimos qilaman. Qonunlarimizda bunday xatti-harakatlar uchun javobgarlik belgilangani, jazo muqarrar ekanini unutishga hech kimning haqqi yo‘q», deya ta'kidlagandi Shavkat Mirziyoyev.

Bu respublikadagi ko‘plab mushtumzo‘r hokimlardan birining fosh bo‘lib qolgan qilmishi. Balki hokimlarga haddan tashqari ko‘p vakolatlar taqdim etilgani, o‘z tasarrufida bo‘lmagan sohalarga ham xo‘jayinlik qilishi shunday ayanchli oqibatni yuzaga keltirgandir?

Bu holatda faqat bir kishining jasorat bilan zo‘ravon hokimning «ixtiyoriga qarshi borishi» orqali uning kirdikorlaridan barcha ogoh bo‘lmoqda. Lekin respublikada bunday holatlar ozmi? Barcha ham zo‘ravonlikka qarshi chiqib, o‘z huquqlarini talab qila oladimi? Demokratik jamiyat uchun bu oddiy hol bo‘lishi kerak emasmi?

Bu materialdan keyin hukumatni sharmisor qilgan hokimining xatti-harakatlari tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilar, u ishdan olinar, bu chora boshqa mushtumzo‘r va zo‘ravon rahbarlar uchun ham saboq bo‘lar. Ammo biroz vaqt o‘tib, bu voqea unutilib, Rahmatullayev yana boshqa bir rahbarlik lavozimida paydo bo‘lsa (Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, Rahmatullayev 2015 yilda Andijon Xalq ta'limi boshqarmasi rahbarligidan olinib, unga qarshi ish ochilgandi. Ammo u 2016 yilda shahar hokimiga aylandi — tahr.), bunday muammolarga qarshi kurash, prezident tomonidan olib borilayotgan islohotlarning samarasi sifatida nimani ko‘rsatish mumkin bo‘ladi?

Video: Sayxunobod hokimi maktab direktorlarini urdi

Umid qilamizki, prezidentimiz aytganidek, «ikki yildan keyin hamma joyga yosh, vatanni, xalqini sevadigan kadrlar keladi».

Aziz Qarshiyev

Mavzuga oid