O‘zbekiston | 18:35 / 28.11.2017
6901
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat turizm qo‘mitasi Baliga vaqtinchalik bormaslikni tavsiya qildi

Foto: Reuters

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston fuqarolariga Indoneziyadagi Bali oroliga Agung vulqoni uyg‘ongani tufayli vaqtinchalik bormaslikni tavsiya qildi. 

O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, Bali orolida uyg‘ongan Agung vulqoniga xavfning eng yuqori darajasi berildi. O‘zbekiston fuqarolariga, shuningdek, Indoneziyaga sayohatni rejalashtirgan turistik kompaniyalarga ushbu vaziyatni inobatga olish tavsiya etildi.

Eslatib o‘tamiz, Bali orolidagi Agung vulqonining uyg‘onishi tufayli taxminan 100 ming kishi evakuatsiya qilinishi kerak. Bu haqda Indoneziya tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha Milliy agentlik vakili xabar qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xavf hududi 10 kilometrga oshdi, uning ichida taxminan 22 ta aholi punkti bor, u yerlarda 90-100 ming kishi istiqomat qiladi.

Agung vulqoni birinchi marta 21 noyabr kuni otildi. Vulqondan tutun uning og‘zidan (krater) 700 metr balandlikka ko‘tarildi. Yakshanba kuni esa ikkinchi otilish boshlandi, vulqon lavani chiqarib tashlamadi, biroq tutun to‘rt ming metrlik balandlikka ko‘tarildi, shu sababdan havo transporti uchun eng yuqori (qizil) xavf darajasi e'lon qilindi.

Agung vulqoni faolligi sentabr oyida oshgandi, o‘shanda Bali orolining barcha hududi bo‘ylab favqulodda holat e'lon qilindi, 144 ming kishi xavfsiz joyga ko‘chirildi.

Ma'lumot uchun, Agung vulqonining eng yirik otilishi 1963 yilda yuz bergan bo‘lib, natijada mingdan ortiq inson halok bo‘lgan.

Mavzuga oid