Sport | 15:49 / 02.12.2017
23942
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda futbolchilarning yoshini kichraytirish holati aniqlandi, mas'ullar butun umrga futboldan chetlatildi

Foto:  O‘FF

Shu yilning 23-29 noyabr kunlari Buxoro shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar terma  jamoalarining  2000-yilda tug‘ilgan o‘smirlar guruhlari o‘rtasida Respublika chempionatida Sirdaryo viloyati terma jamoasi tarkibida yoshi kichraytirilgan va qaydnomadan o‘tmagan futbolchi ishtirok etayotgani O‘FF vakili tomonidan aniqlangan va Sirdaryo viloyati terma jamoasining barcha natijalari bekor qilinib, musobaqadan chetlashtirilgan, deya xabar bermoqda tashkilot rasmiy sayti. 

Buxoro shahrida o‘tkazilgan futbol bo‘yicha Respublika chempionatida aniqlangan kamchiliklar, noxolislik, ko‘zbo‘yamachilik va mamlakatimizda bolalar va o‘smirlar futbolini rivojiga to‘g‘anoq bo‘layotgan illatlarni kelgusida bartaraf etish hamda musobaqada ishtirok etuvchi jamoa rahbarlari va murabbiylarining mas'uliyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonovning buyrug‘i chiqdi. 

Buyruqda Sirdaryo viloyati jamoasi musobaqada yoshi kichraytirilgan hamda musobaqada ishtirok etish bayonnomasiga kiritilmagan futbolchilar bilan ishtirok etgan holda, noxolislikka yo‘l qo‘ygani, ma'lumotlarni qalbakilashtirgani sababli viloyat jamoasiga mas'ul bo‘lgan shaxslar Jahongir Murodqosimov va Ahror Mirazimovlarni futboldan butunlay chetlashtirish va ularga futbol faoliyati bilan shug‘ullanish uchun berilgan litsenziya, sertifikatlarni bir umrga bekor qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasiga taqdimnoma kiritilishi aytib o‘tilgan. 

Shuningdek, Sirdaryo viloyati futbol federatsiyasi aniqlangan faktlar yuzasidan tegishli mas'ullarga keskin choralar ko‘rishi va ko‘rilgan choralar to‘g‘risida 3 kun muddatda  O‘zbekiston futbol federatsiyasiga ma'lumot taqdim etishi belgilab qo‘yilgan.

Mavzuga oid