O‘zbekiston | 18:13 / 02.12.2017
10417
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik mutaxassislar silni davolash bo‘yicha xalqaro treningda qatnashdi

Foto: USAID

2017 yilning 19 noyabrida o‘zbekistonlik sil kasalligi bo‘yicha mutaxassislar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) qoshidagi Tadqiqot va trening hamkorlik markaziga dorilarga chidamli silni davolashga qaratilgan treningda qatnashish uchun safar qildi. To‘qqiz kunlik treningda ishtirok etgan sakkiz nafar mutaxassis bu yuqumli kasallikni davolashda JSSTning so‘nggi tavsiyanomalariga muvofiq davolash uchun kerakli muhim malakaga ega bo‘ldi. Trening O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ish olib boruvchi AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (YuSAID) silga qarshi kurash dasturi orqali qo‘llab-quvvatlandi.

Latviyaga qilingan ushbu safar USAIDning O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida o‘tkazayotgan ko‘plab ma'lumot almashuvi tadbirlarining biridir. Toshkentdagi O‘zbekiston Respublikasi ixtisoslashgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarining silga qarshi kurashish dispanserlarida bosh shifokor lavozimiga yaqinda tayinlangan mutaxassislardan iborat guruh JSSTning ambulator davolanishdagi bemorlar, doriga chidamli sil va bemorga qaratilgan davolash usullarining yangicha yondashuvlari bilan tanishdi.  Treningda qatnashgan yosh shifokorlar bilan bir qatorda malakali shifokorlar ham silga qarshi yangi dorilarning ishlatilishi, davolash tartibi, dorilarga chidamli silni aniqlash va tashxis qo‘yish haqida bilib oldi.

Foto: USAID

Buxoro viloyati silga qarshi kurashish dispanseri bosh shifokori Isomiddin Usmonovning aytishicha: “USAID tashkillashtirgan dorilarga chidamli silni klinik boshqarish mavzusidagi treningda olgan bilim va malakalarimiz bemorlarni samarali davolash va mamlakatimizdagi yosh sog‘liqni saqlash xodimlarini tarbiyalashda muhim o‘rin egallaydi”.

JSSTning ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili dunyo bo‘ylab sil va dorilarga chidamli sildan 1,7 million nafar odam vafot etgan.  Dorilarga chidamli silni oddiy silga qarshi dorilar davolay olmasa-da, uni maxsus davolash dasturi, keng qamrovli va malakali yordam orqali davolash mumkin. USAID o‘zining Silga qarshi kurash dasturi orqali barcha mamlakatlardagi hamkorlarini dorilarga chidamli silning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash hamda sog‘liqni saqlash xodimlarini dorilarga chidamli silni davolashdagi eng so‘nggi yondashuvlar bo‘yicha malakalarini oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi.  

Foto: USAID

USAIDning silga qarshi kurash bo‘yicha besh yillik dasturining asosiy maqsadi sil kasalligi oqibatlarini kamaytirish va silning ko‘plab dorilarga turg‘un shakllari rivojlanishining oldini olishdan iborat.  Dastur keng ko‘lamli tibbiy masalalarni, jumladan  sog‘liqni saqlash sohasini mustahkamlash uchun sog‘liqni saqlash  xodimlarini o‘qitish, tashkilotlararo hamkorlik va koordinatsiyani mustahkamlash hamda keng ommaga silga tashxis qo‘yish va davolanish imkoniyatlaridan foydalanishni yanada osonlashtirish kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid