Samarqandda avtotalonchilar ushlandi
Inson yoshi ulg‘aygan sari dunyoqarashi kengayib, aqli tiniqlashib boradi. Ilgari qilgan xatolaridan xulosa chiqarib, qayta takrorlamaslikka urinadi. Ammo, barcha birdek emas. Samarqand shahrida yashovchi Sarvar va Azimjon biror kasb-hunarni egallash, halol pul topib, ro‘zg‘or tebratish yoshiga yetgan. Biroq, ular o‘g‘irlik qilib, bir necha bor sudlanishgan, qilmishlariga yarasha jazo olishgan. Afsuski, ularning “ko‘zi ochilmadi”. Yana jinoyatga qo‘l urishdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
“Bo‘stonsaroy” ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar yonida qarovsiz qoldirilgan “Neksiya” ularning o‘ljasi bo‘ldi. Ular avtomashinaning orqa eshigi oynasini sindirib, salondagi noutbuk va 185 ming so‘m pulni olib ketishdi. Yo‘llarida davom etgan o‘g‘rilar endi qarovsiz qoldirilgan “Captiva” rusumli avtomashinaga ko‘z tikishdi. Avtomashina eshigi oynasini sindirishdi. Ammo mashina ichidan qo‘lga ilinadigan hech narsa topisholmadi. Shundan so‘ng “ov”ni to‘xtatishdi.
Ertasiga ham tun yarmidan oshganda “ov”ga otlanishdi. Bu safar shahardagi shifoxonalardan birining avtoturargohida turgan “Neksiya” ularning o‘ljasiga aylandi. Avtomashina eshigini buzib, ichidan 900 ming so‘m pulni olib ketishdi.
O‘g‘rilar keyingi kunlarda “Malibu” rusumli avtomashina ichidan 500 ming so‘m, 150 AQSh dollari, yana bir “Malibu” avtomashinasi ichidan 530 ming so‘m, “Captiva” avtomashinasidan 500 ming so‘m, yana bir “Malibu”dan 18 million so‘m pulni, boshqa bir “Captiva”dan 500 ming so‘m, yana bir “Captiva”dan esa kiyimlar va 230 ming so‘m pullarni o‘marib ketishdi.
O‘g‘irlangan pullarni bo‘lib olishdi, buyumlarni esa sotib, o‘zlarining ehtiyojlariga sarflashdi. E'tibor qilgan bo‘lsangiz, ular faqat qimmatbaho avtomashinalarni “nishon”ga olishgan.
Ularning bu yurishlari uzoqqa cho‘zilmadi. Jabrlanuvchilarning yozgan arizalariga binoan surishtiruv boshlanib, o‘g‘rilar ushlandi. Sud Sarvar Hamidovga 6 yil-u 1 oy, Azimjon Hamroqulovga esa 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Shuningdek, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar qoplanadigan bo‘ldi.
Mavzuga oid
16:43 / 27.11.2024
Samarqandda hisobchi tadbirkorning 6,4 mlrd so‘mini onlayn qimorda yutqazib qo‘ydi
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024