Jahon | 16:15 / 05.12.2017
10451
3 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili 5 yilga qamalishi mumkin

Kiyevdagi uyida qo‘lga olingan Gruziyaning sobiq prezidenti va Odessa oblastining sobiq gubernatori Mixail Saakashvili ayblanayotgan moddaga ko‘ra, ayblanuvchiga 3 yildan 5 yilgacha qamoq jazosi tayinlash ko‘zda tutilgan.

Bugun, 5 dekabr kuni ertalab Ukraina Xavfsizlik xizmati xodimlari Saakashvilining kvartirasiga tintuv uchun kelishdi. Uni 3 dekbar kuni tashkillashtirilgan marshni moliyalashtirganlikda gumon qilishmoqda.

UXX xodimlari kvartiraga kelishganida Saakashvili 8 qavatli bino tomiga chiqib oldi va o‘zini pastga tashlash bilan tahdid qildi. Keyinroq u qo‘lga olindi va tergov uchun olib ketildi.

Xavfsizlik xizmatidagilar Saakashvili Ukraina Jinoyat Kodeksining 256-moddasi 1-qismi (jinoiy tashkilot faoliyatida ishtirok etish va uning faoliyati haqidagi ma'lumotlarni yashirish) bo‘yicha qo‘lga olinganini ma'lum qilishdi. Bu modda uchun 3 yildan 5 yilgacha qamoq jazosi qo‘llanishi belgilangan.

Ukraina fuqaroligidan mahrum etilgan Saakashvili 10 sentyar kuni tarafdorlari ko‘magida Polshadan kelib chegarani buzib o‘tgandi. Sud uni chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblab, 130 dollar miqdorida jarimaga tortgandi.

Saakashvili Gruziyani 2013 yil noyabrida, yangi prezident Georgiy Margvelashvili lavozimiga kirishgach, tark etgandi. Gruziya bosh prokuraturasi uni bir necha jinoiy ishda ayblagan.

Bundan avvalroq Ukrainadagi "Strana" nashri o‘z manbalariga asoslangan holda Ukraina hukumati Saakashvilini mamlakatdan chiqarib yubormoqchiligi haqida xabar tarqatgandi. Saakashvili esa Gruziyaga deportatsiya qilinishini imkonsiz deb hisoblaydi.

3 dekabr Kiyevda Mixail Saakashvili va «Rux novyx sil» partiyasi tashabbusi bilan marsh bo‘lib o‘tgandi. Unda 2,5 ming kishi ishtirok etdi. Faollar Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoning iste'fosini talab qilishgandi.

Saakashvili Poroshenkoni davlat dushmani deb atadi va Ukraina fuqarolarini mamlakatdagi oligarxlar diktaturasini ag‘darib, uning o‘rniga «o‘rta sinf diktaturasini» o‘rnatishga chaqirgandi.

Mavzuga oid