Jahon | 10:37 / 18.12.2017
40182
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyo okeani tubidagi “tiqin ochib yuborilsa” nima bo‘lishi namoyish qilindi (video)

Internetda dunyoning eng chuqur joyi hisoblanuvchi Mariana botig‘ida diametri 10 metr keladigan teshikning “tiqini ochib yuborilsa”, nima bo‘lishi videosi paydo bo‘ldi. Ushbu rolik Vivid Maps kanalida va Reddit portalida joylashtirilgan.

Ushbu rolik mualliflarining fikricha, bunday holda Yer relefi juda sezilarli o‘zgaradi, dunyo okeani esa deyarli qurib qoladi. Rolik yuqorisida bu jarayon qancha vaqt olishini ko‘rsatuvchi hisoblagich tasvirlangan. Unga ko‘ra, buning uchun 3 million yil talab etiladi.

17 soniyalik rolikda Yer bundan keyin qanday ko‘rinish olishi namoyish qilingan: Yerning aksariyat qismi avvalgidek moviy rang emas, balki jigarrang ko‘rinishga keladi. Suv qayerga oqib ketishiga aniqlik kiritilmagan.

Rolik mualliflari uni yaratishda ideal suyuqlik uchun Bernulli tenglamasidan foydalanishgan.

Video Reddit portalida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ba'zilar mualliflarni ilmsizlikda ayblashgan bo‘lsa, boshqalar esa bunga hazil bilan yondashishgan. Jumladan, ba'zilarda bu teshikni kim ochishi va suv qayerga oqib ketishi haqidagi "o‘rinli" savol paydo bo‘lgan.

Mavzuga oid