O‘zbekiston | 23:50 / 18.12.2017
35106
9 daqiqa o‘qiladi

Zavodga sayohat: Termizda qamishdan sifatli va arzon faner mahsuloti tayyorlanmoqda

Foto: KUN.UZ

Surxondaryo viloyatiga uyushtirgan ijodiy safarimiz davomida Termizda DSP (ruschadan tarjima qilinsa — drevesnostrujyechnaya plita, yog‘och-payraxali plita) fanerlari ishlab chiqarilayotgani, boz ustiga, xomashyo sifatida Amudaryo sohillarida qarovsiz, o‘z holicha o‘sib yotgan qamishdan foydalanilayotgani haqidagi xabarni eshitishimiz bilan, ushbu korxona bilan yaqindan tanishish istagimiz chandon ortdi.

2017 yilning iyul oyidan faoliyat ko‘rsatayotgan, 150 ga yaqin ishchi mehnat qilayotgan «Surxon KSP Grant» mas'uliyati cheklangan jamiyatida (rahbari Bahodir Qodirov) korxona ehtiyojlari uchun Amudaryo bo‘ylarida o‘sayotgan qamish pishib yetilgach, kuz oylarida mavsumiy ishchilar jalb qilingan holda o‘rib olinar va jamg‘arilar ekan.

Bizga tushuntirishlaricha, qamish barraligida o‘rilsa, uning tolalari mustahkamligi ko‘zlangan darajada bo‘lmas ekan. Shu sababli qamish sentabr oyidan dekabr oylarigacha o‘rib jamg‘ariladi. Ayni paytda Amudaryo bo‘ylarida tabiiy ravishda o‘sayotgan qamishlarning atigi 7–10 foizidangina foydalanilmoqda. Qamishning o‘rilmasdan qolgan qismi Afg‘oniston bilan chegara ochiq ko‘rinib turishligi uchun chegarachilar tomonidan yoqib yuboriladi, qolganini o‘rib olib kelish sanoat korxonasining ehtiyojidan ortiq, bunga yetarli ishchi kuchi ham yo‘q.

«Korxonadagi stanoklarning barchasi Xitoyda qamish uchun moslashtirilib, maxsus ishlab chiqarilgan. Barcha jarayonlar to‘liq avtomatlashtirilgan. Xitoydagi hamkorlar ham kelib, bu yerda ish qanday tashkil etilganini ko‘rib, qolaversa, Muzrabot tumanida Amudaryo sohillarida poyonsiz qamishzorlarni tomosha qilib, bu ishga juda qiziqib qolishdi. Chunki xomashyo tekin — o‘zi o‘sib yotibdi. Faner yasash uchun zarur bo‘ladigan yelim ham «Navoiyazot» korxonasida ishlab chiqariladi. Bu sanoatni 100 foiz mahalliylashtirish degani», — deydi viloyat iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Pardayev.

Xitoylik hamkorlar «yangi zavod uchun faqat yer ajratib, binosini qurib bersalaring bu zavoddan olti barobar kattarog‘ini barpo etamiz», deb ketishgan. Ular bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, lol qolishgan. Chunki shu paytgacha ular terak, g‘o‘zapoya va boshqa daraxtlardan faner ishlab chiqarish uchun stanokka buyurtma olishgan, biroq qamishdan faner ishlab chiqarilayotganini ular ham birinchi bor uchratishi ekan.

Qayd etish joizki, Termizda ishlab chiqarilayotgan, qamishdan yasalayotgan DSPning sifati xorijdan olib kirilayotganidan aslo qolishmaydi, biroq narxi ancha arzon.

«Beshta asosiy parametr bo‘yicha, aytaylik, Rossiyadan kirib kelayotgan fanerlardan biz ishlab chiqarayotganimiz ustunligini ko‘rsatib bergan», deydi korxonaning ishlab chiqarish bo‘yicha boshliq o‘rinbosari Abbos Nabiyev.

«Termizda ishlab chiqarilayotgan fanerning eng katta afzalligi — uning namlikka chidamliligidir. Chunki qamish suvda o‘sgani uchun uning strukturasi namlikka bardoshli hisoblanadi, undan yasalgan fanerda ham bu ijobiy xossasi saqlanmoqda. Ya'ni, yog‘ochga nisbatan uning suv yutuvchanlik xususiyati 30 foizga pastroq, uning xonadondagi oddiy namlik sharoitida shishishi juda qiyin. Bularning barisi laboratoriyada fanerlar 24 soatgacha suvga bo‘ktirib qo‘yib, sinovdan o‘tkazilganidan keyingi natijalar», — deydi A.Nabiyev.

Ayni paytda zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 30 ming kub fanerni tashkil etadi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar respublikamizning barcha viloyatlaridagi mebelsozlar tomonidan xarid qilinmoqda. Kelgusida mahsulotlarni qo‘shni davlatlarga eksport qilish ham rejalashtirilgan.

Qamish mahsulotini maydalashda chang qismi konteynerga yig‘iladi. Bu — ekologiyaga salbiy ta'sirning oldini olish uchun qilingan. Umuman, ishlab chiqarish jarayoni atrof-muhitga salbiy ta'sirsiz, mutlaqo chiqitlarsiz amalga oshiriladi. Faner uchun tayyorlangan qamish payraxalari 2 ta elakdan o‘tkaziladi, ulardan ortgan qismi yana qaytadan maydalanishga jo‘natiladi.

«Hattoki tayyor bo‘lgan fanerlarning ortiqcha qismlaridan chiqqan chiqitlar ham qaytadan bo‘laklanishga jo‘natiladi. DSP faneri ishlab chiqarish 100 foiz chiqitsiz sanoat hisoblanadi», — deydi yosh mutaxassis Abbos Nabiyev.

Ayni paytda Muzrabot tumanida ham qamishni bo‘laklab beruvchi kichik korxona ishga tushirilgan. Qamish birdan o‘sha yerning o‘zida maydalanib, xomashyo ko‘rinishida Termizdagi ishlab chiqarish korxonasiga keltirilmoqda.

«Hozir qamishdan qog‘oz ishlab chiqarish taklifi ham atroflicha o‘rganib chiqilmoqda. Butun respublikadan yirik tadbirkorlar kelib, bu yerdagi ishlab chiqarish jarayoniga katta qiziqish bildirishmoqda», — deydi Rustam Pardayev.

Ishlab chiqarish jarayoni haqida biroz hikoya qilsak, elakdan o‘tgan, ishlab chiqarish uchun yaroqli mahsulot (yaroqsizi yana qayta bo‘laklanishga ketishini aytib o‘tdik) transporter lentasi orqali qurituvchi barabanga kelib tushadi. Barabanda issiqlik yordamida xomashyoning namligi qochiriladi.

Qurigan mahsulot yana bir marta elakdan o‘tkaziladi. Payraxalar bu yerda yirikroq va mayda qismlarga ajratiladi. Faner yasashda o‘rta qismiga yirikroq payraxalar va yuza qismiga maydalari joylashtiriladi. So‘ngra payraxalar yelim bilan aralashtirib, shakl beruvchi lentada fanerning gilami tayyorlanadi.

Qalinligi faner gilami birlamchi pressda 4-5 mPa bosim ostida 5 santimetrcha keladigan qalinlikkacha siqiladi. Shundan so‘ng asosiy jarayonga kirishiladi. Qayd etib o‘tish kerakki, zavodda ishlab chiqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan.

Mahsulotning sifatini nazorat qilib turish uchun datchikli tarozilardan foydalaniladi. Masalan, birlamchi pressdan chiqqan mahsulotning og‘irligi 64-65 kg atrofida bo‘lishi kerak. Agar bu kilogrammda pasayish yoki ko‘payish bo‘lsa, datchiklar darhol ma'lum qiladi. Shu yerning o‘zida mahsulot sifatiga ko‘ra, navlarga ajratiladi.

Mahsulotga yakuniy ko‘rinish berishda issiq pressdan foydalaniladi. U boshqaruv pulti orqali avtomatlashtirilgan holatda boshqariladi. Issiq pressdan 6 ta faner birato‘la ustma-ust joylashtirilib, 16 sm.gacha siqiladi va yarim tayyor mahsulot ko‘rinishiga keladi. Shundan so‘ng fanerlar sovutuvchi charxpalakka o‘tadi. Mahsulot 30 daqiqacha vaqt ichida sovutiladi tayyor mahsulot hosil qilishi uchun arrali lentaga o‘tiladi va chetlari kesilib, yakuniy — 183X275 mm ko‘rinishga keltiriladi.

2017 yilda Termiz davlat universitetini tamomlab, ushbu zavodga ishga kirgan Abbos Nabiyevning aytishicha, 25X8 sm o‘lchamda kesib olinib, 250-300 kg yuk bilan bosib, sindirishga sinaladi. Pechda qizdirilib tortiladi. Shunaqa sinovlar davrida faner uzilib, ajralmasligi kerak, sinishi kerak.

A.Nabiyevning zavodning kelajakdagi rejalari haqida ham o‘rtoqlashdi. Hozir ayni paytda laminatsiya sexini barpo etish ustida ish olib borilmoqda. Bu yerda zavodda ishlab chiqarilayotgan DSP fanerlari mebelbop qilib laminatsiya qilinadi va silliqlanadi. Bu yerda yana qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.

Ishlayman deganga, izlanganga imkoniyat keng, deganlari shu bo‘lsa kerak. Amudaryodagi qamishlarning atigi 10 foizidan shunday mo‘'jaz zavod faoliyat ko‘rsatib, ichki bozorni arzon va sifatli mahsulot bilan ta'minlamoqda. Hali bunday zavodning olti barobar kattasini barpo etish ustida muzokaralar olib borilmoqda. Xomashyo esa zavodning ostonasida, o‘zi o‘sib yotibdi. Endi o‘zingiz o‘ylayvering: bu qancha mahsulot, daromad, eksport va ishchi o‘rinlari ekanligini. Ana shunday korxonalar va ishbilarmonlar ko‘paysa yurtimiz iqtisodiyoti yanada ravnaq topishda davom etaveradi, bunga hech qanday shubha yo‘q.

Shuhrat Shokirjonov.

Ma'rufjon Asqarov olgan suratlar.

KUN.UZ muxbirlari.

Mavzuga oid