O‘zbekiston | 14:30 / 19.12.2017
87496
7 daqiqa o‘qiladi

Buxanka non xalqqa 1250 so‘mdan sotilmoqda: Sho‘rchida mutasaddilar jim, iqtisodchilar nima deydi? (Video)

KUN.UZ tahririyati vakillarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi avvalida saytimizda berilgan e'londan so‘ng Sho‘rchi tumanidan tushgan murojaatlarning biri bizning e'tiborimizni tortdi va bu masalani albatta o‘rganishni ko‘nglimizga tugib qo‘ygan edik.

«Assalomu alaykum! Sho‘rchi dehqon bozorida yaqinda buxanka nonlarning narxi 1250 so‘mga chiqdi. Tumanimizda un zavodi bo‘la turib, xalq qimmatiga non olishga majbur bo‘lmoqda. Nonvoyxonalar esa unni davlat narxida ola turib, unni bozorga ham chiqarib, olibsotarlarga pullab ham turishadi. Bunga esa hech qaysi rahbar qiziqmaydi. Shu muammoni hal etib berishiningizni so‘raymiz».

Biz Sho‘rchi dehqon bozoriga kirib, u yerda sotilayotgan buxanka nonlarning narxi bilan qiziqdik.

«Ikkitasi 2500 so‘m», — dedi risoladagidek hajmdagi qolipli non sotayotgan sotuvchi ayollardan biri.

«Nega bu qadar qimmat sotayapsiz?» — deb bergan savolimizga «Denovdan keltirib sotaman. Ko‘proq olsangiz 1000 so‘mdan beraman», deb javob berdi sotuvchi.

Ko‘rinishidan 1250 so‘mlikdan biroz kichikroq hajmdagi, 3 donasi 1 kilo atrofida tosh bosuvchi buxanka nonlar ikkinchi sotuvchida 1000 so‘mdan sotilayotgan ekan. «Qayerda tayyorlangan?» deb bergan savolimizga, «Shu yerda, Sho‘rchida», degan javob oldik.

Biz «Sho‘rchi dehqon (oziq-ovqat) bozori» MChJ rahbariyati bilan masalaga oydinlik kiritish maqsadida uchrashmoqchi edik, niyatimizga yeta olmadik.

Tuman hokimligiga yo‘l oldik. Yakshanba kuni bo‘lganligi, qolaversa, tumanda shu kuni qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bo‘lganligi uchun mutasaddilarni uchratmadik. Dehqon bozori raisi o‘rinbosari Faxriddin Mavlonovni topdirdik. U kishi vaziyatga yelka qisishdan boshqa narsa bilan javob bera olmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy saytida 2017 yil 9 yanvar holatiga ko‘ra, Davlat tomonidan tartibga solinuvchi narxlar (tariflar) holati haqidagi ma'lumot keltirilgan. Unga ko‘ra, «O‘zdonmahsulot» AK korxonalari tomonidan buxanka non tayyorlanuvchi birinchi nav bug‘doy unining bir kilogrammi 2014 yil 15 sentabrdan buyon 1050 so‘mdan sotilishi belgilangan. Bunday bug‘doy unlardan tayyorlangan 500 grammlik qolipli buxanka nonning bir donasi 650 so‘mdan sotilishi ham belgilangan.

Masalani viloyatdagi iqtisodchilardan biri bilan muhokama qildik:

«Bu masala juda ko‘p va chuqur o‘rganib chiqilgan. Oldini olish juda qiyin bo‘layapti. Avvalo, Sho‘rchida 650 so‘mdan sotilishi kerak bo‘lgan 500 grammlik buxanka nonning qimmat sotilishiga sabab —o‘zimizda ishlab chiqarilgan va non pishirish uchun davlat narxida taqdim etilayotgan 1 qop (50 kg) unning narxi 52.500 so‘mligi, Qozog‘istonda ishlab chiqarilgani esa bozorda 125 ming so‘mligidir. O‘zimizda ishlab chiqarilgan 500 grammli qolipli nonning 1 donasini 650 so‘mdan sotishlari kerak. Agar o‘zimizda ishlab chiqarilgan va qolipli non (buxanka) uchun mo‘ljallangan, qopi 52,5 ming so‘mlik un sotib yuborilsa qopi 95-100 ming so‘mga sotiladi. Shuni non qilib pishirib sotsa, hech narsa cho‘ntagiga qolmaydi. Shu sababli davlat tomonidan arzon narxlarda taqdim etilayotgan unni yo qopi bilan qimmatroq sotishadi yoki undan tayyorlangan 650 so‘mlik nonning narxi qimmatroq qilinadi. Sho‘rchida aynan ikkinchi vaziyatga ko‘zingiz tushgan.

Bu yerda xuddi valyuta konvertatsiyasi, benzin narxi bilan bog‘liq vaziyatga o‘xshash holat ro‘y bermoqda. Unning davlat tomonidan taqdim etiladigan va bozor narxi o‘rtasida 2 barobar farq bo‘lganidan so‘ng, o‘z-o‘zidan chayqovchilik va qing‘ir ishlarga zamin paydo bo‘layapti-da. Bunga qarshi na soliqchi, na boshqasi kurasha olmaydi. Buni oldini olishning bittagina yo‘li bor: narxni birlashtirish kerak, mo‘'tadillashtirish kerak. Fonddan ajratib beriladigan unni yo‘q qilmasak, buni kuch usuli bilan eplab bo‘lmaydi, bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich ishga tushiribgina vaziyatni o‘nglash mumkin. Ana shunda keyingi 3 yildan beri 650 so‘m qilib belgilanib, o‘zgarmasdan kelayotgan nonning narxi 900 so‘m atrofida muvozanatlashadi», deydi biz bilan suhbatlashgan mutaxassis.

Mutaxassisning gaplarida jon bor, lekin bu non 1000–1250 so‘mdan sotilaverishi kerak, degani emas-ku? Ayni paytda mavjud vaziyatni hisobga olsak, Sho‘rchi dehqon bozorida, masalan, yarmarkada 5200 so‘mdan shakar sotilayotganiga guvoh bo‘ldik. Biqinida un zavodi bo‘la turib, 650 so‘mlik non rastalarini tashkil qilishga sho‘rchilik mutasaddilarga nima xalaqit berayotgan ekan? Axir bu nonni aholining eng kam ta'minlangan qatlami iste'mol qiladi-ku?

Bozorda picha kuzatib turib, aynan shunday, moddiy ahvoli nochorroq kishilar, bujmayib ketgan 200, 500 so‘mlik pullarini avaylab taxlab, 2 donagina non xarid qilayotganiga guvoh bo‘ldik. Aslida, ular peshona terini to‘kib, mehnat qilib topayotgan va tishini kavagida asrab, tiyinini tiyinga ulab, xarid uchun berayotgan pullariga ikki barobar ko‘proq non olishlari kerak.

Aytaylik, «O‘zdonmahsulot» AK Sho‘rchining qoq markazida firmali non do‘koni ochib, qolipli nonni davlat tomonidan belgilangan narxlarda aholiga yetkazib berishi uchun nima xalaqit qilmoqda? Ana, shakar sotilyapti-ku?!

Biz ushbu masala bo‘yicha Sho‘rchi tuman hokimligi, «Sho‘rchi dehqon (oziq-ovqat) bozori» MChJ va «O‘zdonmahsulot» AKdan javob va munosabat kutib qolamiz.

Shuhrat Shokirjonov,
KUN.UZ maxsus muxbiri.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid