O‘zbekiston | 20:30 / 26.12.2017
145692
2 daqiqa o‘qiladi

Dilmurod Rahmatullayev javobgarlikka tortildi

Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev shahardagi ta'lim muassasa rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlagani uchun javobgarlikka tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Andijon shahri hokimi D.Rahmatullayev joriy yilning 16 oktabr kuni shahardagi bir qator ta'lim muassasalari rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilganligi holati yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan tekshirish o‘tkazildi.

Tekshirish davomida viloyat prokuraturasi tomonidan kiritilgan taqdimnoma asosida xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi tomonidan D.Rahmatullayevni ma'muriy javobgarlikka tortishga rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Tekshirish natijasiga ko‘ra, D.Rahmatullayevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasi (haqorat qilish, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish) bilan ma'muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Sudning qarori bilan D.Rahmatullayev O‘zbekiston Respublikasi MJtK 41-moddasida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan», deyilgan xabarda.

Ma'lumot uchun, eng kam ish haqining 30 baravari 5167200 so‘mga teng.

Shu yilning noyabrida Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev shahardagi maktablar, kollejlar va akademik litseylar rahbarlarini so‘kib haqoratlagani, ayol direktorlarni tahqirlab yerga urganini isbotlovchi dalillar internetda tarqalgandi. Bu hodisa oktabr oyidagi yig‘ilish chog‘ida ro‘y bergandi.

Mavzuga oid: Yana direktorlar haqoratlandi. Bu safar Andijon

Mavzuga oid: So‘kong‘ich hokim javobgarlikka tortiladi, faqat...

 

 

Mavzuga oid