O‘zbekiston | 21:20 / 28.12.2017
13958
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston elchixonasi Moskvada kaltaklangan fuqaroga yordam ko‘rsatadi

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi mamlakat fuqarosi, Domodedovoda kaltaklangan holda topilgan 78 yoshli Nella Chevtayevaga yordam ko‘rsatadi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Matbuot tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, Chevtayeva Moskva viloyatining Domodedovo shahrida kaltaklash izlari bilan og‘ir ahvolda volontyorlar tomonidan topilgan.

«Hozirgi vaqtda Elchixonaning Konsullik bo‘limi xodimi jabrlanuvchiga yordam berish va shaxsni tasdiqlovchi hujjat masalasini hal qilish uchun N.Chevtayeva joylashgan joyga yetib bordi», deyilgan TIV xabarida.

25 dekabr kuni O‘zbekistonning Moskva shahridagi Elchixonasi Konsullik bo‘limiga jabrlanuvchining nabirasi murojaat qildi va unga shaxsni tasdiqlash tartibi tushuntirildi hamda to‘ldirish uchun anketalar berildi. Lekin u buvisi haqidagi ma'lumotlarga ega emasligini bildirib, hujjatlarni olib ketgan va Konsullik bo‘limiga boshqa murojaat etmagan.

Bundan avvalroq «Rossiya 24» telekanali, «Komsomolskaya pravda» gazetasi va boshqa bir qator ommaviy axborot vositalari tomonidan 78 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Nella Stepanovna Chevtayeva to‘g‘risida ma'lumot tarqatildi. U Belarusda o‘z o‘g‘li bilan doimiy yashash uchun 16 dekabr kuni «Domodedovo» aeroportiga uchib kelgan edi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid