Ukraina Rossiya bo‘ylab eng yirik dronlar hujumini amalga oshirdi. Qurbonlar va yaralanganlar bor
Moskva oblastining o‘ziga yuzga yaqin dron uchib kelgan. Moskva shahri va oblast hududida turar joylar zarba ostida qolgan. O‘zbekistondan qator reyslar boshqa shaharlarga yo‘naltirildi.

Foto: AP / Scanpix / LETA
11 martga o‘tar kechasi ukrain dronlari Moskva shahri va Moskva oblastiga hujum qildi. Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyanin telegram-kanalida xabar qilishicha, ertalabki soat 8:45 ga qadar Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari ukrainlarning Moskva tomon uchgan 74 ta uchuvchisiz uchar qurilmasini urib tushirgan. Mer bu ukrain dronlarining Moskvaga eng yirik hujumi bo‘lganini aytgan.
Sobyanin Moskva janubidagi Domodedovskaya ko‘chasida urib tushirilgan dron tufayli uylardan birining tomi «yengil» shikastlanganini xabar qilgan. Baza telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra,Moskvaning Kapotnya rayonida ham dron parchalari topilgan.

Roman Vetrov / TASS / Profimedia
Moskva oblastida dronlar hujumi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Hudud gubernatori Andrey Vorobyov o‘z telegram-kanalida xabar qilishicha, ular «Miratorg» kompaniyasi xodimlari bo‘lgan. Ulardan biri «Miratorg»ning Domodedovo rayoni Yam qishlog‘idagi avtoturargohida halok bo‘lgan, yana ikki kishi shifoxonaga olib borilganidan keyin vafot etgan. RF sog‘liqni saqlash vazirligi avvalroq 18 kishi, jumladan, uch nafar bola jarohatlangani haqida xabar qilgandi. Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, Vidnoye, Domodedovo, Ramensk shaharlari, Sapronovo qishlog‘i va Yam qishlog‘ida odamlar jarohatlangan.
Ijtimoiy tarmoqda Vidnoye tumanidagi Sapronovo qishlog‘ida dron uylardan birining tomiga qulagani aks etgan video paydo bo‘ldi. Shuningdek, bevosita turar joy binosi ichida olingan videolar ham tarqalmoqda.
Vorobyovning so‘zlariga ko‘ra, Ramenskda Shimoliy shossedagi turar joy binosida kamida yettita kvartira shikastlangan, 12 kishi evakuatsiya qilingan.

Bundan tashqari, Vorobyov oblastdagi yana kamida 13 ta ortiq aholi yashash punktidan «uchuvchisiz uchish apparatlari hujumi yuzasidan chaqiruvlar kelib tushgani» haqida xabar qilgan.

Tatyana Makeyeva / AFP / Scanpix / LETA
Podolsk yaqinidagi Aleksandrovka posyolkasida dron qoldiqlari tushishi oqibatida xususiy uy yonib ketdi, deb xabar bermoqda «Ostorojno, novosti» telegram-kanali. Ramenskda Visokiy Bereg qishlog‘idagi uyda ham yong‘in ro‘y bergan.
Dron parchalari Lyubersa shahridagi Cheremuxin ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyga tushdi, deb xabar berdi shahar okrugi rahbari Vladimir Volkov. Uning so‘zlariga ko‘ra, jiddiy shikastlanishlar va jabrlanganlar yo‘q.
Chernogolovkada ko‘p qavatli uy yonidan dron qoldiqlari topildi. Shuningdek, parchalar Domodedovodagi SNT «Metallurg-1» bog‘ida aniqlangan.
Rosaviatsiya xabar berishicha, Moskvaning Sheremetevo, Vnukovo, Domodedovo va Jukovskiy aeroportlarida dronlar hujumi tufayli vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan. Moskva yo‘nalishidagi 10 ta reys Samara aeroportiga yo‘naltirilgan.
Xususan, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi to‘rtta reysni muqobil aeroportlarga yo‘naltirishga majbur bo‘lgan:
- HY9607, Buxoro — Moskva (Vnukovo) — Samaraga;
- HY611, Toshkent — Moskva (Vnukovo) — Pulkovoga (Sankt-Peterburg);
- HY9615, Urganch — Moskva (Vnukovo) — Pulkovoga;
- HY603, Toshkent — Moskva (Domodedovo) — Urganchga.
Shuningdek, Rossiyaning UTair UT-808 Buxoro — Moskva (Vnukovo) reysi Samaraga yo‘naltirildi.
Dron parchalari qulashi oqibatida «Domodedovo» stansiyasidagi temiryo‘l infratuzilmasiga zarar yetdi, buning natijasida elektropoyezdlar jadvalida uzilishlar yuzaga keldi, deb xabar berdi «Moskva temiryo‘llari» matbuot xizmati.
Rossiya mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bir kechada Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaning 343 ta dronini tutib qolgan va yo‘q qilgan, ulardan 91 tasi Moskva oblasti, 126 tasi Kursk oblasti hududida. Bundan tashqari, Belgorod oblastida 25 ta, Ryazan oblastida 22 ta, Kaluga oblastida 10 ta, Lipetsk va Oryol oblastlarida sakkiztadan, Voronej oblastida oltita, Nijniy Novgorodda uchta dron urib tushirilgan.
Qayd etilishicha, oltita dron Kursk atomn elektr stansiyasi hududida to‘xtatilgan. Vazirlik Ukraina qurolli kuchlari «Ukrainaning jangovar harakatlarni davom ettirish qobiliyatini namoyish etish» uchun AQSh-Ukraina muzokaralari arafasida yopirilma zarbalar yo‘llaganini qayd etgan. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ukrain dronlari Kapotnyadagi Moskva neftni qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish quvvatlariga zarba berganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Orlov oblastidagi Stalniy kon liniya-ishlab chiqarish dispetcherlik stansiyasi hududida portlashlar sodir bo‘ldi.
Bu Ukraina dronlarining Rossiya hududlariga keng ko‘lamli Rossiya-Ukraina urushi davridagi eng yirik hujumidir.
Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Lipetsk oblastida, Stanovlyanskiy okrugidagi M-4 trassasida dron qulashi oqibatida bir kishi yaralangan. «Jabrlanuvchi — Vladimir shahrida aholisi vakili. Erkakning so‘zlariga ko‘ra, u uchayotgan dronni ko‘rish uchun mashinani ataylab to‘xtatgan», — dedi gubernator Igor Artamonov. Vladimir oblastida urib tushirilgan dron parchalari Yurevets stansiyasi yaqinidagi temiryo‘lga qulagan, shikastlanishlar mavjud.
Rossiya va G‘arbdagi nashrlar Ukraina 11 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida AQSh bilan muzokaralar oldidan Moskvaga rekord darajadagi dronlarni uchirganini qayd etdi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar savoliga javob berarkan, Moskvaga dronlar hujumi nima uchun aynan shu kuni sodir bo‘lganini bilmasligini aytdi: «Kiyev rejimidan so‘rang». Peskov, shuningdek, Ukraina harbiylari «turar joy binolari»ga, Rossiya esa harbiy nishonlarga zarba berayotganini aytdi (bir necha kun oldin Ukraina shaharlaridagi turar joy binolari Rossiya raketalari va dronlari hujumiga uchragandi).