O‘zbekiston | 14:35 / 28.12.2017
24526
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Qambarota GES-1 qurilishida ishtirok etadi

Foto: News.tj

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlarni muhokama qilishda davom etmoqda. Bu haqda Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi Doniyor Sidiqov jurnalistlar bilan uchrashuvda ma'lum qilgan.

«O‘zbekiston Qambarota GES-1 qurilishida ishtirok etadi. Bu kelishuv qog‘ozning o‘zida qolgani yo‘q, balki amaliy jihatdan bajarilmoqda. Bu loyiha bo‘yicha ishchi guruhi Toshkentda o‘zining ilk yig‘ilishini o‘tkazdi hamda qo‘shma qadamlarni belgilab oldi», - deya ta'kidlab o‘tgan elchi Doniyor Sidiqov.

Uning fikriga ko‘ra, bu mintaqaviy miqyosdagi katta loyiha bo‘ladi, unda barcha masalalarni hal etish, o‘zaro konsensusni ta'minlash va tomonlar manfaatini e'tiborga olish lozim. Shuning uchun ishchi guruh, deya qayd etdi elchi, hozirda aniq qo‘shma qadamlarni muhokama qilishda davom etmoqda.

«Mening o‘ylashimcha, O‘zbekiston loyihada ham texnologik jihatdan, ham resurslar bilan ishtirok etishi mumkin», - deya ta'kidlab o‘tdi diplomat.

Oktyabr boshida «O‘zbekgidroenergo» va Qirg‘izistonning «Milliy energetika holding kompaniyasi» Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini amalga oshirish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha memorandumni imzoladi.

Eslatib o‘tamiz, Qambarota GES-1 – bu Qirg‘izistondagi eng yirik gidroelektrstansiya loyihasidir.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid