Jahon | 18:25 / 02.01.2018
30987
2 daqiqa o‘qiladi

Xo‘jandda palovdan zaharlanganlar soni ortmoqda

Foto: Asia-Plus

Tojikistonning Xo‘jand shahrida palovdan zaharlanganlar soni 12 kishiga yetdi, deb xabar bermoqda «AP» shahar prokuraturasiga tayangan holda.

«To‘rt kishi halok bo‘ldi, yana sakkiz inson, jumladan voyaga yetmagan bola ham, ayni damda shifoxonada qolmoqda», - deya xabar berishgan prokuraturadan.

Shahar prokuraturasidan ta'kidlashlaricha, ayni damda zaharlanishga nima sabab bo‘lgani aniqlashtirilmoqda.

Biroq ma'lum bo‘lishicha, qurbonlardan birining tanasi yorib ko‘rilganida, uning oshqozonidan natriy nitrat (NaNO3) topildi, aynan shu odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin, deya qayd etishgan prokuraturadan.

Ushbu holat bo‘yicha Tojikiston Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Halok bo‘lganlar orasida – 57 yoshli Ma'ruf Aliyev, 67 yoshli Komil Zoirov, 52 yoshli Komil Badriddinov, 56 yoshli Nosir Toirov bor. Zaharlanganlarning barchasi shahardagi 19-kichik tumanda joylashgan uylarning birida istiqomat qilganlar.

Ta'kidlanishicha, hozirgi paytda barcha mahsulotlar ekspertizaga jo‘natilgan, uning natijalari esa keyinroq ma'lum qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xo‘jandda palovdan ommaviy zaharlanish yuz bergani, 4 kishi vafot etgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid