Jahon | 18:00 / 02.01.2018
31097
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil nuqta qo‘ymoqda: Falastin davlati hech qachon tuzilmasligi mumkin 

Foto: Reuters

Isroil parlamenti seshanba kuni Al-Quds shahrini Falastin tomonidan nazorat etishda vaziyatni qiyinlashtirib yuboruvchi qonun loyihasini qabul qildi. Shuning bilan Falastin davlatchiligini tuzish borasidagi muzokaralar ham murakkablashib borishiga ishora qilinmoqda.

Reuters agentligining xabar berishicha, 120 ta o‘ringa ega​ Knessetning a'zolaridan 80 nafari Al-Quds shahrining bir qismini «xorijiy partiyaga» taqdim etish haqidagi qonunning qabul qilinishiga rozi bo‘lgan. Bu so‘zlar zamirida shahar nazoratini amalga oshiruvchi mahalliy organni aniqlash imkoniyati borligi yotmoqda. 

Ayni qonun loyihasi bilan Isroil uzoq yil davom etib kelayotgan siyosiy muzokaralarga nuqta qo‘yishi mumkinligini bildirmoqda. Ya'ni, 1967 yil Sharqiy Al-Quds shahri Isroil politsiyasi tomonidan anneksiya qilinganidan so‘ng, jahon hamjamiyati ushbu harakatlarning noqonuniy ekanini e'tirof etgandi. Arab-Isroil mojarosida Al-Quds shahrining xalqaro betaraflik maqomi muhim ahamiyatga ega. Afsuski, Knesset a'zolari bu omilni yo‘qqa chiqarishga urinishi besamar ketmayapti.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 6 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Al-Quds shahrini Isroil poytaxti, deb tan olgandi. BMT Bosh Assambleyasida esa AQSh ushbu qarori qattiq tanqid qilindi.
 

Mavzuga oid