Fan-texnika | 21:10 / 03.01.2018
33567
7 daqiqa o‘qiladi

2017 yilning eng qiziqarli 8 krossoveri - fotogalereya

Eng tez o‘sib kelayotgan krossoverlar segmentida yangi avtomobillar har yili ko‘plab paydo bo‘lmoqda. Katta, kichik, chiroyli va unchalikmas, tezkor va sportcha yoki iqtisodli va gibrid — 2017 yilda bularning barisiga guvoh bo‘ldik. Motor kishilarni hammadan ham ko‘proq qiziqtirgan 8 ta yo‘l tanlamaslarning ro‘yxatini e'lon qildi.

BMW X2

BMW’dan yangi kross-kupe yoshlar auditoriyasi uchun mo‘ljallangan va X1 hamda X3 modellari orasida joylashgan. Yo‘ltanlamas mashina oldi tortuvchi platforma ustiga qurilgan, undan MINI, Active Tourer seriyasidagi BMW 2 va yangi avlod X1 asosida ham foydalaniladi.

Modifikatsiyasiga ko‘ra BMW X2 birato‘la sportcha osma bilan jihozlanadi, yoki M Performance turi bilan. Optsiya sifatida o‘zgartiriladigan amortizatorlar taqdim etilishi mumkin. Dvigatellari gammasi ikki litrli benzinli yoki «turbo to‘rtlik» dizellisidan iborat ular 190 dan 231 ot kuch quvvatini beradi. To‘liq uzatmali versiyalari ham bor. Bozorda uning minimal bahosi 16.250 AQSh dollariga teng.

DS 7 Crossback

Premial brend PSA’ning flagman krossoveri — yuqori texnologiyali avtomobillarga qiziquvchilar uchun haqiqiy bayram. Modelning jihozlanishiga shahar, trassa yoki so‘qmoq yo‘llar uchun nur tutami turlicha sozlanadigan o‘zgaruvchan faralar, yo‘ldagi notekisliklarni oldindan hisob kitob qilib, g‘ildiraklardagi amortizatorlar qattiqligini shunga oldindan tayyorlovchi kameralar, 100 metrgacha bo‘lgan masofadagi obektlarni farqlay oluvchi tungi ko‘rish tizimi kiritilgan. Yana bir kamera — infraqizil — salonda rul ortiga o‘rnatilgan. U haydovchining ko‘zlari va qo‘llari harakatini kuzatadi va uning charchaganlik darajasini baholab boradi.

Yevropada DS 7 uchun oltita kuch qurilmasi nazarda tutilgan: 130, 180, 230 ot kuchiga teng benzinli agregatlar, 130 va 180 ot kuchili dizellar. Shuningdek, DS 7 300 ot kuchiga teng gibridli qurilma bilan ham taqdim etiladi.

Infiniti QX50

Infiniti QX50 krossoveri markaning qisilish darajasi o‘zgaradigan jahondagi ilk turbo dvigatel bilan ta'minlangan birinchi avtosiga aylandi. Agregat 272 ot kuchini beradi (380 Nm) va CVT pog‘onasiz transmissiya bilan ta'minlanadi. QX50’ning shunday dvigatel bilan jihozlangan oldi tortuvchi modifikatsiyalari V-simon olti porshenli agregatga ega mashinalardan 35 foizga iqtisodliroq.

Krossoverning jihozlanishiga ProPilot yarimavtonom boshqarish tizimi kiradi. U avtomobilni bir polosa chegarasida ushlay oladi va zich shahar oqimida ham, magistrallarda ham ishlaydi.

Jaguar E-Pace

Jaguar’ning eng kichik krossoveri prezentatsiyadan so‘ng darhol «Ginnesning rekordlar kitobi»ga kirdi. U Range Rover Evoque modernizatsiyalashtirilgan platformasidagi seriyali mashinalar ichra eng uzoqqa sakrash — «bochka»ni amalga oshirdi. Krossoverning kuzovi qisman alyuminiydan tayyorlangan — kapoti, tomi, oldingi qanotlari va bagaj bo‘lmasi eshigi shu yengil metalldan tayyorlangan.

Model 150, 180 va 240 ot kuchiga teng uchta dizelli motorlar bilan, shuningdek 249 va 300 ot kuchiga teng benzinli dvigatellar bilan jihozlanadi.

Range Rover Velar

Range Rover «kupesimon» krossover Jaguar F-Pace platformasiga qurilgan va marka shajarasida Evoque va Range Rover Sport o‘rtasidan joy olgan. Platformadan tashqari, Velar Jaguar bilan kuch qurilmasini ham bo‘lishadi: Ingenium oilasiga mansub ikki litrli «to‘rtliklar» va uch litrli V6. Biroq barcha yo‘llarda yura oluvchi ushbu mashinaning tashqi ko‘rinishi unikal.

«Velar»ning asosiy jihatlari — raqamli pribor paneli, multimedia tizimi displeyi va avtomobil asosiy funksiyalarinini boshqarish uchun mo‘ljallangan yana bir 10 dyyumli displeyni qamrab olgan to‘liq «raqamli» intererdir. Shuningdek, uning rulidagi sensorli tugmalar ham. F-Pace’dan yana bir farqi — krossoverni yer sathidan 251 millimetrga ko‘tara oladigan pnevmatik osmadir.

Dacia/Renault Duster

Mashhur krossoverlardan biri avlodini o‘zgartirmoqda. Texnik «mag‘zi» o‘zgarishsiz qolayotgan esa-da, eksterer va salon tubdan o‘zgartirilgan. Pribor paneli, rul chambaragi, markaziy konsol, shuningdek, iqlim nazorat bloki qayta ko‘rib chiqilgan.

Yevropada krossoverning qo‘shimcha jihozlanish ro‘yxati ham kengaygan — model uchun aylanasiga kuzatish tizimi, ko‘rinmas zonalarni kuzatish funksiyasi, yonboshdagi xavfsizlik pardachalari, kalitsiz yondirish tizimi, uzoqni yoritish nurini avtomatik boshqarish funksiyasi ishga tushirilgan.

Skoda Karoq

Eskimoslarning alutiik elatiga xos ikki so‘z jamlanmasidan nom olgan krossoverni Skoda may oyidayoq taqdimot etgandi. VW Tiguan kabi MQB modulli platformasiga qurilgan yangi avtomobil Yevropada model qatorida Yeti o‘rnini egallaydi.

O‘lchamlari bo‘yicha Volkswagen Tiguan’dan birozgina ortda qoladigan yo‘l tanlamas mashina ikki xil benzinli va uch xil dizelli dvigatel bilan ta'minlanadi. Ular olti pog‘onali «mexanika» va yetti pog‘onali ikki birikmali «robotlar» bilan jihozlanadi. Faol osma to‘rtta ish rejimiga ega, jumladan, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarda yurishga ham moslashtirilgan.

Volvo XC40

Volvo XC40 krossoveri shved markasining Geely kompaniyasiga kirganidan buyon markaning CMA platformasida qurilgan ilk modeli bo‘ldi. Birinchi bosqichda mashina Drive-E oilasiga mansub to‘rt silindrli ikki xil dvigatel: dizelli D4 va benzinli T5 bilan ta'minlanadi.

XC40 debyuti bilan bir qatorda Volvo kompaniyasi avtomobil xarid qilishning yangi xizmati — Care by Volvo’ni taklif etdi. Bu karshering va lizing oralig‘idagi bir narsa bo‘lib, buyurtma bergan kishi avtomobilni qo‘lga kiritgach oyma-oy undan foydalanganlik, sug‘urta, hattoki texnik xizmat uchun uchun to‘lov qilib boradi. Mashinaga ko‘pchilik bo‘lib — qarindoshlar yoki do‘stlar bilan tashlashib egalik qilish ham mumkin.

Mavzuga oid