Fan-texnika | 20:52 / 05.09.2024
3369
2 daqiqa o‘qiladi

Volvo 2030 yilga borib faqat elektromobillar sotish rejasidan voz kechmoqda

Bu ayrim asosiy bozorlarda elektomobillarga talab kamaygani va Xitoyda ishlab chiqarilgan elektomobillar uchun savdo bojlari joriy etilgani fonida sodir bo‘lmoqda.

Foto: Getty Images

Volvo kompaniyasi 2030 yilga borib faqat elektromobillar ishlab chiqarish borasidagi rejasidan voz kechdi, deb xabar beradi BBC.

Avtomobil ishlab chiqaruvchi uch yil oldin e’lon qilingan qaroridan bozor shartlari o‘zgargani uchun voz kechayotganini bildirdi. Bu ayrim asosiy bozorlarda elektomobillarga talab kamaygani va Xitoyda ishlab chiqarilgan elektomobillar uchun savdo bojlari joriy etilgani fonida sodir bo‘lmoqda.

An’anaviy ravishda o‘zining ekologik reputatsiyasini namoyish etib keladigan Volvo General Motors va Ford kabi boshqa yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilar bilan birga elektromobillar sohasidagi rejalaridan voz kechmoqda.

Kompaniya 2030 yilga borib o‘z mahsulotlarining kamida 90 foizini elektromobillar va gibrid avtomobillar tashkil etishini ma’lum qildi. Shvetsiya kompaniyasi, shuningdek, cheklangan elektr energiyasida harakatlanadigan an’anaviy transport vositasiga o‘xshash «yumshoq gibridlar»ni ham sotuvga chiqarishi mumkin.

«Kelajagimiz — elektrga bog‘liq ekaniga ishonamiz. Ammo tabiiyki, elektrlashtirishga o‘tish birdan amalga oshmaydi va iste’molchilar hamda bozor turli tezlikda oldinga harakatlanmoqda», — deydi Volvo bosh direktori Jim Rouen.

Kompaniya, shuningdek, elektr transport vositalari uchun biznes muhiti zaryadlash infratuzilmasining sekin ishga tushirilishi va iste’molchilarni rag‘batlantirishning bekor qilinishi kabi omillar tufayli o‘zgarganini aytdi.

Mavzuga oid