O‘zbekiston | 00:22 / 07.01.2018
32177
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «​xalqda umid uchquni paydo bo‘lgani»​ haqida aytdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

5 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda davlat rahbari viloyatda islohotlar va vazifalarni bajarilishiga tanqidiy baho berib, o‘zining mulohazasi bilan o‘rtoqlashdi.

«Bergan pullar ham o‘zlashtirilmayapti. 200 million dollar, 50 million dollar, o‘ylamang, bu pullar ko‘chada yotmayapti. Pul topish, oylik berish - qiyin. Men, bugun, shifoxonaga kirganimda o‘zimga savol berdim: odamlar rozimi? Karavotda (bemor - tahr.) to‘n kiygan, sovuq... Shu davolanish xonasimi?», deb kinoya bilan ta'kidladi davlat rahbari.

Prezident bir yilda ikki nafar farzandidan ayrilib qolgan onaning voqeasi haqida gapirarkan, «u gaplarni eshitishning o‘zi qiyin»ligini afsus bilan takrorladi.

«Nega men o‘zim yuraman? O‘ylamangki, mening vaqtim ko‘p, ertalabdan kechgacha yurishimni - atrofimda bo‘lgan noinsoflar zora shu ishni qilsin, deb  bajaraman. Bitta narsani anglab yetishimiz kerak: oldimizda nihoyatda qiyin vazifalar turibdi. Bugun ishimizni qarsakbozlik, balandparvoz raqamlar bilan davom ettirsak, ertaga xalq norozi bo‘ladi», deb fikrini davom ettirdi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan 2017 yilda O‘zbekiston xalqida salgina bo‘lsa ham umid uchquni paydo bo‘lgani, yangragan va'dalarga ishonch urchiganini aytib o‘tdi.

«Kurashga tayyor odamgina natijaga erishadi. Aks holda u ketishi kerak», – deb hukumat a'zolarini amaliy ishga chaqirdi.

Sessiyada viloyatdagi muammolarni hal etish va sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta'minlash uchun Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, kompaniya va banklar rahbarlari, hokimlar amalga oshirishi zarur bo‘lgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olish zarurligi yana bir marta takrorlandi.

Mavzuga oid