Jahon | 09:00 / 14.01.2018
16514
3 daqiqa o‘qiladi

Afrika davlatlari Trampdan uzr so‘rashni talab qilishmoqda

Foto: Reuters

Afrika davlatlari AQSh prezidenti Donald Trampdan joriy haftada AQSh kongressi a'zolari bilan yopiq uchrashuvda “qora” qit'a davlatlari nomiga aytgan qo‘pol so‘zlari uchun uzr so‘rashni talab qilishmoqda. Bu haqda BMTdagi Afrika davlatlari guruhining qo‘shma bayonotida aytilgan.

Hujjatda Afrika davlatlari “AQSh prezidenti aytgani ta'kidlanayotgan kurakda turmaydigan, irqiy va ksenofob so‘zlardan juda larzaga kelganlari va ularni qat'iy qoralashlari” hamda Trampdan “aytgan so‘zlaridan qaytishni va uzr so‘rashni” talab qilishayotgani aytilgan. Afrika davlatlari AQSh ma'muriyatining “Afrika qit'asi va turfa rangdagi aholini yomonotliq qilish”ga intilishidan tashvish bildirishmoqda. Ular Trampning so‘zlarini qoralagan amerikalik fuqarolarga minnatdorlik bildirishgan va Tramp kamsitgan Haiti va boshqa davlatlar bilan birdam ekanliklarini aytishgan.

Trampning dunyo hamjamiyatining keskin munosabatiga sabab bo‘lgan so‘zlari uning Oq uyda kongressmenlar bilan uchrashuvi davomida yangragan. Bu haqda uchrashuvda ishtirok etganlarga iqtibos keltirgan holda CNN xabar bergan. CNN ma'lumotlariga ko‘ra, senator-demokrat Dik Durbin immigratsiya muammosini muhokama qilish vaqtida Haitini eslaganda, Tramp nima uchun kimdir AQShga Haiti va Afrika davlatlari kabi “qalang‘i-qasang‘i davlatlar”dan muhojirlar kelishini istashini so‘ragan. U AQShga Norvegiya kabi rivojlangan davlatlardan odamlar kelishiga intilish lozimligini uqdirgan. Keyinroq Tramp bunday qo‘pol so‘zlarni ishlatmaganini ta'kidlagan.  

Biroq bir qator davlatlar Trampning so‘zlariga keskin norozilik bildirgan. Shuningdek, BMT rasmiy shaxslari ham bu so‘zlarni e'tiborsiz qoldirishmagan: BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi rasmiy vakili Rupert Kolvill Trampning so‘zlarini gangituvchi, sharmandali va irqchilikka yo‘g‘rilgan deb atagan.

Mavzuga oid