O‘zbekiston | 18:08 / 16.01.2018
10581
4 daqiqa o‘qiladi

Taniqli professor Vladislav Kuzavkov O‘zbekistonda koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Kuni kecha respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan tashrif buyurgan professor, tibbiyot fanlari doktori Vladislav Yevgenevich Kuzavkov bilan hamkorlikda koxlear implantatsiya operatsiyalari bo‘yicha mahorat darslari hamda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Vladislav Kuzavkov nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoda yetakchi otoxirurglardan hisoblanib, besh ming nafardan ortiq eshitishida muammosi bor bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazgan. O‘zbekistonga tashrifi davomida professor mamlakat mutaxassislari bilan hamkorlikda 7 nafar bemor bolada koxlear implantatsiya operatsiyalarini bajarib, 30 dan ortiq bemorlarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 5,3 foizi eshitish qobiliyatining pasayganligidan aziyat chekadi. Dunyo bo‘yicha har 1000 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqdan biri eshitishi pastligi yoki mutlaq karlik bilan tug‘iladi. Bu ko‘rsatkich bir yoshga borganda 2-3 baravar ortadi. Eshitish zaifligi irsiy, tug‘ma yoki orttirilgan bo‘lishi mumkin. Afsuski, bunday bolalarda ikkilamchi nutq ham shakllanmay qoladi, ular jamiyatda o‘zlarini ijtimoiy chegaralangan his qiladi. 

Ma'lumot uchun, koxlear implantatsiya operatsiyasi bolalardagi tug‘ma va orttirilgan eshitish zaifligi xastaligini samarali davolaydi. Ushbu amaliyot Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham muvaffaqiyatli amalga oshirilib kelinmoqda. Bugungi kungacha markazda mahalliy mutaxassislar tomonidan 360 nafardan ortiq bolalarda byudjyet mablag‘lari hisobidan koxlear implantatsiya operatsiyalari muvaffaqiyatli  o‘tkazilgan bo‘lsa, 70 nafardan ortiq bemorlar imtiyoz asosida, homiylar va ota-onalar hisobidan operatsiya qilindi. Implantatsiya qilingan bolalarni monitoring qilish natijalari esa 90 foiz ijobiy. Ya'ni, ularning eshitish qobiliyati tiklanib, gapira boshladi. 7 yoshga kirganlari esa umumta'lim maktablarida o‘z tengqurlari qatorida tahsil olishmoqda.

Aytib o‘tish joiz, koxlear implantatsiya operatsiyalarining ijobiy natijasi amaliyotdan keyingi reabilitatsiyaga bog‘liq. Implantatsiya qilingan o‘g‘il-qizlarda operatsiyadan keyingi reabilitatsiya tadbirlari to‘g‘ri o‘tkazilmas ekan, ularda eshitish va nutq rivojlanishi, hayotga moslashuv jarayoni sust boradi. Shu bois, Toshkent shahri va viloyatlardagi surdopedagoglar koxlear implantatsiya reabilitatsiya bosqichlarini o‘zlashtirish bo‘yicha tahsil olishdi va hozirda markaz bilan hamkorlikda faoliyat olib borishmoqda.   

2017 yilda markaz professorlari — F. Inoyatova, D. Ahmedova, Sh. Amonovlar ayni shu masala — “Og‘ir eshitish zaifligi va karligi bo‘lgan bolalarning reabilitatsiyasi (O‘zbek modeli)” amaliy tadqiqoti uchun Birinchi darajali Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. 

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qoshidagi 40 o‘ringa mo‘ljallangan maxsus “Tug‘ma va orttirilgan LOR a'zolari kasalliklari” bo‘limida koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish uchun barcha sharoitlar mavjud. Bo‘lim zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan, mahalliy yosh shifokorlar Rossiya, Fransiya, Italiya, Polsha, Avstriya, Ukraina, Slovakiya kabi davlatlarning yetakchi klinikalarida tahsil olib qaytishgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid