O‘zbekiston | 18:00 / 18.01.2018
40273
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Tezkor tibbiy guruh Qozog‘istonga uchib ketdi

18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida, Toshkent vaqti bilan 09:30 atrofida, «Samara—Chimkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan avtobus halokatga uchradi. Avtobusda 57 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Yo‘lovchilarning 52 nafari voqea joyida vafot etgan, 5 nafar kishi jarohatlangan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati Kun.uz nashriga ma'lumot berishicha, vazirlikda halokat oqibatida jabrlangan fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tezkor tibbiy guruh tashkil etildi va guruh Qozog‘iston Respublikasiga uchib ketdi. Kambustiolog, anesteziolog-reanimatolog, sud-med ekspert va psixolog kabi  malakali shifokorlardan tarkib topgan ushbu guruhga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Asilbek Xudayarov boshchilik qilmoqda. Tezkor tibbiy guruh zarur vositalar, dori-darmon zaxiralari bilan yetarli darajada ta'minlangan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida halokat oqibatida jabrlanganlarga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zaxira o‘rinlari tayyorlandi.

Mavzuga oid