Sport | 10:41 / 20.01.2018
19532
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ochilmasdan qolib ketgan «Real» akademiyasi endi ochilishi mumkin

O‘zbekistonda Madridning «Real» klubi akademiyasi ochilishi mumkin. O‘zbekiston Futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov Madridning «Real» klubi akademiyasi direktori Xulio Ronko va Ispaniya futbol federatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv chog‘ida ushbu masalani muhokama qilishadi, deb yozmoqda O‘FF rasmiy sayti.

Manbaga ko‘ra, O‘FF prezidenti Ispaniya futboli rahbarlarining taklifiga binoan rasmiy safar bilan Ispaniyaga jo‘nab ketdi. Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad aynan «Real Madrid» akademiyasi filialini Toshkentda ochish, shuningdek, Ispaniya futbol federatsiyasi rahbariyati bilan murabbiylar tayyorlash va bolalar futbolini rivojlantirish borasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iborat. Bundan tashqari safar davomida Ispaniyadagi bir qator taniqli futbol mutaxassislari bilan uchrashib, fikr almashish belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha yil muqaddam O‘zbekistonga tashrif buyurgan «Real» klubi vakillari Toshkentda Madrid klubining akademiyasini ochish borasida shartnoma imzolanganini ta'kidlab o‘tgandi. O‘shanda maxsus matbuot anjumani tashkil etilgan va akademiyani ochish bo‘yicha ishlar boshlangani borasida ma'lumotlar berilgandi. Ammo keyinroq noma'lum sabablarga ko‘ra, bu g‘oya chala qolib ketgan va bu borada ma'lumotlar butunlay yo‘qolib ketgandi.

Bundan tashqari, Umid Ahmadjonov «Real» Madrid klubi rahbariyati tomonidan 21 yanvar kuni La-liganing 20-turidan o‘rin olgan «Real» - «Deportivo» uchrashuvini bevosita «Santyago Bernabeu» stadionidagi prezident lojasidan tomosha qilishga taklif etilgan.

23 yanvar kuni esa Umid Ahmadjonov Parijda Fransiya futbol federatsiyasi rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid