Jahon | 23:50 / 21.01.2018
8852
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya TIV rahbari Afrin bo‘yicha yolg‘on xabarlarga ishonmaslikni so‘radi

Foto: Anadolu

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Suriya shimoli-g‘arbida olib borilayotgan «Zaytun butog‘i» amaliyoti haqidagi xabarlarni kuzatishda diqqatli bo‘lishga chaqirdi.

«PYD/YPG terrorchilari Afrindagi amaliyot bo‘yicha turli yolg‘on-yashiq ma'lumotlarni tarqatishmoqda. Yo‘q qilingan terrorchilar  Suriyaning tinch aholisi sifatida ko‘rsatilmoqda. Jangarilar tinch aholi vakillaridan «jonli qalqon» sifatida foydalanishdan ham toyishmaydi», - deya yozgan vazir Twitter sahifasida.

Chovusho‘g‘li Turkiya Qurolli kuchlarining maqsadi «Suriya xalqi va birodar kurdlar emas», balki terrorchilar ekanini qo‘shimcha qilgan.

20 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:00da Turkiya Suriya shimolidagi Afrin viloyatida «Zaytun butog‘i» nomli amaliyot boshlangani haqida e'lon qildi. Turklar Afrinni PYD/PKK jangchilaridan tozalashni maqsad qilishgan. Turkiya aviatsiyasi birinchi kunda kurd bo‘linmalarining 113 marrasidan 108tasiga zarba berdi. Ko‘p o‘tmasdan kurdlar bu hujumlar vaqtida o‘nga yaqin tinch aholi vakillari halok bo‘lganini ma'lum qildi.

Kampaniyaning ikkinchi kunida turklar quruqlikdagi harbiy harakatlarga kirishdi. Kun oxiriga borib OAVda to‘qnashuvlar vaqtida kurdlar turklarning 5ta tankini yo‘q qilgani haqida xabar qilindi.

Bashar Asad rejimi 2012 yil iyulida Afrinni PYD/PKK jangchilariga jangsiz topshirgandi. Shundan so‘ng, Afrin kurd jangchilarining o‘z harakatlarini muvofiqlashtiruvchi markaziga aylandi. Bu hududdan turib Turkiyaning Kilis shahriga va shu nomli viloyatiga, shuningdek, Xatay viloyatiga raketa zarbalari berib kelinadi. Ayni vaqtda PYD/PKK jangchilari Turkiya-Suriya chegara hududining 65 foizlik qismida nazorat o‘rnatgan. Turkiya bu tashkilot harbiylarini o‘zining janubiy chegaralariga jiddiy xavf sifatida ko‘radi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid