Jahon | 00:15 / 23.01.2018
6491
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiyada bashang kiyingan odamlar “moda politsiya”si tomondan so‘roq qilinadi  

Foto: Robin Utrecht/TASS

Niderlandiyaning Rotterdam shahrida moda politsiyasi paydo bo‘ldi. Maxsus politsiya naryadi shahar ko‘chalari bo‘ylab yurib, bashang kiyingan odamlardan egnilaridagi qimmatbaho kiyimlarni qaysi pulga, qanday sharoitda olganlarini so‘raydi. Biroq huquq himoyachilari yangi qoidalarga qarshi chiqmoqdalar, deb xabar bermoqda De Telegraaf nashri.

Politsiyachilarning aytishicha, birinchi navbatda “nochordek ko‘ringan odamlar” hamda avval o‘g‘rilik qilishda ushlanganlar so‘roq qilinadilar. Agar so‘roq qilinuvchilar qimmatbaho kiyimlar ularga tegishli ekanini isbotlay olmasalar, kiyimlar musodara qilinadi.

Hukumat vakillarining aytishicha, bundan ko‘zlangan maqsad “yoshlarni jinoyatchilikdan qaytarishdir”. Politsiyachilarning aytishicha, ular shu yo‘l bilan shubha uyg‘otuvchi yoshlardan bir necha marta Rolex soatlarini musodara qilishgan. Biroq kiyim borasida bunday qilinmagandi. Gollandiyalik huquq himoyachilari yangi qoidalar davlat qonunchiligiga zid ekanligini aytishmoqda.

“Bu qonunda kamchiliklar juda ko‘p. Misol uchun, politsiyachilar u yoki bu kiyimning bahosini qanday aniqlaydilar? Bu kiyim yangi emas, ancha kiyilgan bo‘lsa-chi? Mohiyatan, bizga nimani istasak o‘shanday yurish taqiqlanmoqda”, deb aytgan shahar ombudsmeni Anna Mike Zvaneveld.

Uning aytishicha, politsiya so‘roq qilmoqchi bo‘layotganlarni tanlashda, birinchi navbatda, xoynahoy yevropacha ko‘rinishga ega bo‘lmaganlarni tanlaydi. 

“Bu esa fuqarolik erkinliklarining chidab bo‘lmas buzilishi bo‘ladi”, deb aytdi Zvaneveld.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid