Fan-texnika | 15:00 / 28.01.2018
34413
3 daqiqa o‘qiladi

Sun'iy go‘sht qachon sotuvga chiqishi aytildi

Foto: Inverse.com

Sun'iy go‘shtning ishlab chiqarilishi Kremniy vodiysidagi bir necha startaplariga sezilarli darajada investitsiyalar keltirdi. Ularning eng mashhurlari - Impossible Foods, Memphis Meat, Beyond Meat va Hampton Creek. Dunyoning eng badavlat kishilari bu startaplarga ishonishgan. Bill Geyts ularning biryo‘la bir nechtasiga sarmoya kiritgan. Hozircha ularning birortasi haqiqiy go‘shtdan farqlab bo‘lmaydigan sun'iy go‘shtni taqdim etgani yo‘q, biroq kuzatuvchilar rivojlanish borligini aytishmoqda: bunday go‘sht arzonlashmoqda, ta'mi esa haqiqiy go‘shtga yaqinlashmoqda. 
 
Ta'kidlash joizki, hozir turli "yashil" va ozuqaviy loyihalar hamda tashabbuslar juda dolzarb. Yer aholisi soni oshib bormoqda, oziq-ovqat ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. 2011 yilda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti qishloq xo‘jaligi faoliyati natijasidagi iflosliklarning 39 foizi aynan chorvachilikka to‘g‘ri kelayotganini ma'lum qilgan. Shuning uchun "toza" go‘sht ishlab chiqarish g‘oyasi jozibaliroq: u oziq-ovqat bilan bog‘liq muammolarni hal qiladi va ekologik vaziyatni murakkablashtirmaydi. Ba'zi mutaxassislar hatto sun'iy go‘sht haqiqiysidan-da samaraliroq, to‘yimliroq ekani va zarari ham kamroq ekanini aytishmoqda. 

Biroq bularning bari ommaga taqdim etilmagunga qadar bor-yo‘g‘i gap-so‘z va reklamadir. Dunyo esa hozir shunga yaqin turibdi. Hech bo‘lmaganda, uning g‘arbiy qismi. Cargill, Nestle va Tyson kabi oziq-ovqat korporatsiyalari sun'iy go‘shtga katta qiziqish bildirishmoqda. Ularning fikricha, yaqin 25 yilda jahon go‘sht bozorining taxminan 20 foizi yangi mahsulotdan iborat bo‘ladi. 

GlobalData tahlilchisi Kris Loning ta'kidlashicha, 2021 yilda, Memphis Meat startapi bu yo‘nalishda yetakchilikni qo‘lga kiritganida sun'iy go‘sht do‘kon rastalarida paydo bo‘ladi. Bunday prognozga sabab, mazkur startap ortida Bill Geyts, Richard Brenson va Shimoliy Amerikaning yirik go‘sht distribyutori Cargill Meats sarmoyalari turibdi. 

Mavzuga oid