Iqtisodiyot | 10:00 / 29.01.2018
15239
2 daqiqa o‘qiladi

Tabiiy monopoliyalarning soliqdan qarzlari 455 milliard so‘m deb baholanmoqda

Davlat raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati 2017 yilga yakun yasab, mamlakat tabiiy monopolistlari ro‘yxatini e'lon qildi. Ro‘yxatga ko‘ra, O‘zbekistonda tabiiy monopoliya toifasiga kiruvchi 148 ta tashkilot mavjud, deb xabar bermoqda Kommersant.uz.

Barcha kompaniyalarning STIR kodlari ham keltirilgan. Nashr Davlat soliq qo‘mitasi onlayn-servisidan foydalanib, 148 ta tabiiy monopoliyaning 127 tasida mavjud soliqdan qarzdorlik umumiy hajmini hisoblab chiqdi. Ulardagi umumiy qarzdorlik summasi 455 714 831 920,46 so‘m yoki, O‘zR MB kursi bo‘yicha, 55 820 521,72 dollarni tashkil qiladi.

Qiyoslash uchun: 455 714 831 920,46 so‘m – bu 2017 yil birinchi to‘qqiz oyidagi barcha yuridik shaxslardan kelib tushgan soliqlarning 42 foizidir.

Eng ko‘p qarzdorlik Qashqadaryo viloyatiga to‘g‘ri keladi – 226 097 586 245,5 so‘m, eng kam qarzdor tashkilotlar Navoiy viloyatida joylashgan – 12 484 007,63 so‘m.

Eng yirik qarzga ega kompaniyalar sirasida quyidagilarni keltirish mumkin:

1. “Muborakneftgaz” MChJ  – 222 212 059 225,28 so‘m
2. “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” (Buxoro NQZ) – 99 552 881 698,29 so‘m
3. “O‘ztransgaz” AK – 70 624 803 365,53 so‘m

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Sirdaryo viloyati “Suvoqava” DUK, shuningdek Ulug‘bek posyolkasi Ta'mirlash-qurilish foydalanish boshqarmasi kabi tashkilotlar qarzdorliklari miqdori DSQ saytida aks etmagan. 

Mavzuga oid