Jahon | 22:30 / 31.01.2018
5287
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyada hukumatning maxfiy hujjatlari saqlangan shkaflar sotib yuborildi 

Avstraliyalik erkak Kanberradagi mebel do‘konida ikkita ishlatilgan shkaf sotib olib, ularni ichidan minglab maxfiy hujjatlar topib olgan. Associated Press axborot agentligining ma'lum qilishicha, shkaf qulflangan bo‘lgani va uning kaliti topilmagani sababli xaridorga chegirma bilan sotilgan. Avstraliyalik xariddan so‘ng drel yordamida shkaf qulfini yechib olib, uning eshigini ocha olgan.  

Aniqlanishicha, shkaf Avstraliya vazirlar mahkamasining hujjatlari bilan liq to‘la bo‘lgan. Bu hujjatlardan deyarli barchasi u yoki bu darajada maxfiy belgisi bilan belgilangan bo‘lgan. Ular orasida hattoki “mutlaq maxfiy” hujjatlar ham bo‘lgan.

Hujjatlarda Avstraliyaning razvedka va aksilterrorchilik rejalari, gumonlanuvchi jangarilar va Afg‘onistondagi jangovar harakatlar haqidagi ma'lumotlar, maxsus xizmatlarning qo‘shni davlatlar va aksilterrorchilik operatsiyalar haqidagi hisobotlari bo‘lgan.

Shkafning yangi egasi topilgan hujjatlarni Avstraliyaning ABC telekanaliga topshirgan. Jurnalistlar hujjatlardagi ma'lumotlardan mamlakatning ikki sobiq bosh vaziri va parlamentning bir necha a'zolari salbiy tomondan ko‘rsatilgan lavhalarni tayyorlashda qo‘llashgan.

Avstraliya hukumati maxfiy hujjatlar bilan to‘la shkaf qanday qilib mebel do‘koniga tushib qolganini aniqlash bo‘yicha tergov boshlagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid